Понедельник, 25.11.2024, 01:54 | Главная | Регистрация | Вход |
Izoh FaollariАссалому алейкум. Нима учун кинолар курсатмаяпти. ШУ сылкага боссез скачат кила оласиз
|
Каталог файлов
“ZAKOVAT” INTELLEKTUAL KLUBI 016
| 17.12.2012, 21:10 |
401-savol: Bu ikkala o‘zaro raqobatchi kompaniyaning qishloq xo‘jaligiga hech qanday aloqasi yo‘q. Lekin ulardan ikkovi ham o‘z ramzlarida qishloq ho‘jaligining yirik sohalari bilan bog‘liq narsalarni o‘zlariga ramz qilib olishgan. Ulardan biri qishloq ho‘jaligi sohalaridan birining eng asosiy mahsulotlaridan birini o‘z ramziga tushirgan bo‘lsa, ikkinchisi qishloq ho‘jaligining yana bir sohasining asosiy mahsulotini yaratuvchilarini o‘z ramziga aylantirgan. Shu kompaniyalarning nomini ayting. Javob: MTS va Bilayn. Izoh: MTS ramzi tuxum, Bilayn ramzi esa asalari. 402-savol: 2000 yilning 27 avgustida Moskva shahrida sodir bo‘lgan voqea tufayli shahar aholisi bir oy bir narsadan mahrum bo‘lishgan. Bu bir oy Moskva aholisi uchun juda zerikarli o‘tganini e’tiborga olgan holda ushbu voqea Moskvaning kaerida sodir bo‘lganini ayting. Javob: Ostankino teleminorasida. Izoh: U yerda sodir bo‘lgan yong‘in tufayli shahar aholisi bir oycha teleuzatishsiz qolgan. 403-savol: Barchamizning kattami kichikmi uyimiz bor. Bu haqida kimdir biladi, kimdir bilmaydi. Lekin 1967 yil tadbirkor Kim U Jun tomonidan "kurilgan" "katta uy" ni butun jahon biladi. Uning bu "katta uyini" biz qaysi nom bilan bilamiz? Javob: Deu (koreyscha "katta uy"). 404-savol: Bu mashhur inson tongda soat 7 dan 12 daqiqa o‘tganda tug‘ilgan, kunduzi soat 11 dan 52 daqiqa o‘tganda texnikumni, 13 dan 12 daqiqa o‘tganda institutni tamomlaydi. 13.44 dan 14.32 gacha Moskvada tahsil oladi. 15 dan 12 daqiqa o‘tganda qilgan ishi uchun yuksak mukofotga sazovor bo‘ladi. U mashhur inson kimligini ayting. Javob: Chingiz Aytmatov. Izoh: Bu yerda uning biografiyasi 100 yilga nisbatan bir sutka sifatida olingan. "Asrga tatigulik kun" asarini eslang... 405-savol: Siz rasmda ko‘rib turgan suratda avstriyalik tadbirkor, diplomat va avtopoygachi Emil Yellinekning qizi tasvirlangan. Bir daqiqadan keyin siz menga bu qizning ismi nimaligini ayting. Javob: Mersedes. Izoh: Aynan mana shu qiz sharafiga 1901 yil Maybax tomonidan yaratilgan avtomobil atalgan. 406- savol: Blits. Mavzu: Futbol. 1. 1857 yili qaysi shaharda jahondagi birinchi futbol klubi tashkil etilgan? 2. Olimpiada o‘iinlarida ishtirok etadigan 16 jamoadan qaysi ikkitasi saralash o‘yinlarisiz musobakalarga kirishadi? 3. "Oltin to‘p" mukofoti Yevropaning eng kuchli futbolchisiga beriladi. Unga sazovor bo‘lgan ikkita Yevropalik bo‘lmagan futbolchilar kim va ularning vatani kaer? Javoblar: 1. Sheffild. 2. Bundan avvalgi Olimpiada o‘yinlarining chempioni va musobaqa tashkilotchisi bo‘lgan davlat. 3. J. Veav - Liberiya va Ronaldo - Braziliya. 407- savol: Quyida berilgan suratlarda 100 nemis markasining yuz tomonida nemis pianistkasi Klara Shuman tasvirlangan, orka tomonida esa uning asosiy ish kuroli bo‘lgan royal tasvirlangan. 200 nemis markasining yuz tomonida esa nemis mikrobiologi Robert Kox tasvirlangan, orka tomonida esa uning asosiy ish kuroli mikroskop tasvirlangan. Endi diqqatingizni uchinchi, 1000 marka bo‘lgan banknotaga qarating. Bir daqiqadan keyin uning yuz tomonida tasvirlangan kishilar kimligini ayting. Javob: Aka-uka Grimmlar. 408-savol: Diqqat qora quti! Mashhur "Ming bir kecha" asaridagi "Kanizak Tavaddud hikoyasi" da unga shunday ta’rif beriladi: "Qochoq bo‘lmasa ham zanjirband qilingan, o‘g‘ri bo‘lmas ham bog‘langan, urushda bo‘lmas ham nayza urilgan, jarohatlangan, ammo mushtlashish vaqtida emas, kechasi xotinidan ayriladi va kunduzi qo‘yniga oladi". Qora qutida nima bor? Javob: Tugma. 409-savol: Afsonaga ko‘ra, Sohibqiron Amir Temur uni ko‘rgach, shunday xitob qilgan ekan: "Mana endi, biz ikki nogiron – barcha insonlar ichida eng qudratlilarimiz". Siz menga uning kim ekanligin emas, bu xitob qaysi shaharda yangraganini ayting. Javob: Ankara. Izoh: 1402 yil 20 iyulda Anqarada bir ko‘zli Yildirim Boyazidni ko‘rganida aytilgan xitob. 410-savol: Hayotda turli tasodiflar ko‘p albatta. Bu hech qaysimiz unutmagan inson o‘z g‘arazli maqsadini amalga oshirgan kuni undan ham mashhur bo‘lgan inson dunyoga keladi. Bu ikki insonning millati bir ekanligini hisobga olib, ularning ismlarini to‘g‘ri ketma-ketlikda ayting. Javob: Gerostrat va Aleksandr. Izoh: Gerostrat Artemida ibodatxonasiga o‘t qo‘ygan kuni Aleksandr Makedonskiy dunyoga kelgan. 411-savol: Mashhur "Yaguar" avtomobil kompaniyasi dastlab paydo bo‘lganida "Swallow Sidekar" deb nomlangan edi. Lekin 1945 yilda uning nomini o‘zgartirib, "Yaguar" deb atay boshlashdi. Nima uchun kompaniyaning nomini o‘zgartirishga to‘gri kelib qoldi? Javob: Chunki ushbu nomni "SS" ko‘rinishida qisqartirishar edi va 1945 yili ushbu abbreviatura jinoiy natsistlik tashkiloti bilan assotsiatsiyalanadigan bo‘lib qoldi. 412-savol: Mashhur adib o‘zining mashhur asaridagi ikki qahramonga shunday ta’rif beradi: "Ikkovi ham bo‘yi past, juda qiziquvchan, bir-biriga juda o‘xshash, ikkovining ham unchalik katta bo‘lmagan qorni bor, ikkovi ham jud tez gapiradi va gapirayotganlarida hatti-haraktlari va qo‘llari bilan tushuntirishadi". Bu bilan ularning o‘xshash tomonlari tugamaydi ularning hatto ismlari va otalarining ismi ham bir hil, faqat familiyalari bir-biridan bitta harfga farq qiladi. Ular kim ekanligini ayting. Javob: Dobchinskiy va Bobchinskiy. 413-savol: Sitata: "Uni Saratovda har bir it biladi, - dedi prikazchik, yozishga ihtiyor eting janobi oliylari, Saratov shahriga muhtaram Yakov Vasilich...Vasilich..." ga. Siz o‘sha tish doktorining familiyasini unutmagan bo‘lsangiz, bir daqiqadan keyin uni menga yozib bering. Javob: Ovsov. 414-savol: Qadimgi Sharq mifologiyasida tanasi sherniki, qanotlari burgutniki, boshi esa ham shernikidek ham burgutnikidek bo‘lgan shoxli fantastik hayvon bo‘lgan. Ularni grifonlar deb atashgan. Bu grifonlarning tasviri bizgacha yetib kelgan. Britaniya muzeyida eramizdan avvalgi 4- 5 asrga tegishli bo‘lgan, Tojikiston xududidan topilgan, grifonlar boshining tasviri tushirilgan oltin bilakuzuk saqlanadi. Bu bilakuzuk juda qimmatbaho bo‘lishiga qaramasdan, uning tasvirini barchamiz ko‘rganmiz, lekin hammamiz ham uning aynan o‘sha bilakuzuk tasviri ekanligini bilmaymiz. Qora kuti da esa mana shu bilakuzuk tasviri tushirilgan va deyarli barchamizda bo‘lgan narsa turibdi. U nima ekanligini aniq qilib ayting. Javob: 100 so‘mlik kupyura. 415- savol: Ularning ikkalasi ham Atlantika okeanida joylashgan. Ular uchun umumiy bo‘lgan nom birinchisining asosiy nomi emas, lekin uni ko‘pincha shu nom bilan atashadi, ikkinchisi uchun bu nom xaqiqiy nom hisoblanadi. Birinchisi o‘zining yetakchisi bilan mashhur bo‘lsa, ikkinchisi o‘zining arxitektura inshooti bilan mashhur. Siz menga ular uchun umumiy bo‘lgan nomni ayting. Javob: Ozodlik oroli. Izoh: Kuba davlatini "Ozodlik oroli" deb atashadi, haqiqiy Ozodlik oroli esa AQSh ga tegishli bo‘lib, unda mashhur inshoot - Ozodlik haykali qad ko‘targan. 416-savol: Diqqat savolda almashtirilgan so‘zlar bor: "Men shu narsaga erishamanki, baliq oviga boksga bo‘lgan hurmatdan kam bo‘lmagan hurmat bilan yondoshishadi, Muhammad Ali o‘zining navbatdagi chiqishi uchun qancha so‘ramasin, men undan ko‘proq so‘rayman". Diqqat savol, agar siz bu so‘zlarning muallifi kim ekanligini topgan bo‘lsangiz, "baliq ovi" so‘zi bilan qaysi so‘z almashtirilganini aytasiz. Javob: Shaxmat. Izoh: Bu so‘zlarning muallifi esa mashhur shaxmatchi Fisher hisoblanadi. 417-savol: Diqqat qora quti! Shoir Erkin Vohidovning she’rini eshiting: She’riyatning timsoli – qalam, U hakda-ku she’rlar behisob, Ey shoirlar, bitganda kitob Eslab qo‘ying buni ham. Busiz bo‘lmas she’ringiz ravon, Busiz qilmas satrlar xanda, Siz qalamga she’r aytganda, Bunga bag‘ishlang doston. Sezgan bo‘lsangiz, shoir bu deganda nazarda tutgan narsa qora quti ichida turibdi, qora qutida nima bor? Javob: O’chirg‘ich. 418-savol: O’zbek maqolida birinchi ishni qilgan – katta suv havzasiga, ikkinchi ishni qilgan esa, tozalangan qamish cho‘pidan to‘qilgan to‘shamaga o‘hshatiladi. Endi siz menga ikkinchi va birinchi ishni bir vaqtning o‘zida bajaradigan kishilar shug‘ullanadigan sport turini ayting. Javob: Shaxmat. Izoh: Shaxmat bilan shug‘ullanuvchi shaxmatchilar o‘tirib yurishadi. Maqol esa, "Yurgan daryo, o‘tirgan bo‘yra". 419-savol: U insonning asl ismi Oyxo‘ja ibn Toshxo‘ja bo‘lgan. Arslonbob eshonning avarasi bo‘lgan. O’ta qora tanli bo‘lgani uchun u insonni o‘sha biz bilgan nom bilan atashgan. Agar siz kim haqida gap ketayotganligini anglagan bo‘lsangiz, uning nomi bilan ataladigan tuman respublikamizning qaysi viloyatida joylashganini ayting. Javob: Toshkent. Izoh: Bu yerda gap Zangi ota haqida ketmokda. 420-savol. Blits. Mavzu: Islom. 1. Bu qit’a aholisining 20 %idan ortiqrog‘ini musulmonlar tashkil etadi. Bu qaysi qit’a? 2. Islomda zaruriylik nuqtai nazaridan farzdan keyin, sunnat talablaridan oldin turadigan amal turi qanday nomlanadi? 3. Islom tarixidagi birinchi muazzin, ya’ni azon aytuvchi inson kim bo‘lgan? Javoblar: 1. Osiyo. 2. Vojib. 3. Bilol. 421-savol: Arablar uni "Abu riyoh” – "shamol otasi” deb atashadi. Uni eslaganimizda bizning ko‘z oldimizga keladigan mavjudotni esa arablar abulyaqzon deyishadi. Bir daqiqadan so‘ng abu riyoh va abulyaqzon nimaligini ayting. Javob: Flyuger, xo‘roz. 422-savol: Bu ingliz harbiy gidrografi va kartografi, kontr-admirali 1829-1855 yillarda Buyuk Britaniya gidrografik xizmatiga rahbarlik qilgan. 1806 yilda u taklif etgan 12 ballik shkala hali ham amalda qo‘llanilmoqda. Siz menga bu shkala bo‘yicha 0 ball va 12 ball qanday atalishini ayting. Javob: Shtil va dovul(uragan). Izoh: Gap bu yerda Frensis Bofort va u taklif etgan Bofort shkalasi haqida ketmoqda. 423-savol: U shoti, tegarchik va o‘q kabi asosiy qismlardan tuzilgan. Uning ot, tuya, ho‘kiz, eshakka mo‘ljallangan turlari bor. Uning odamga mo‘ljallangan turi qanday atalishini ayting. Javob: Riksha. Izoh: Gap bu yerda arava haqida ketmoqda. 424-savol: Miloddan avvalgi 5 asrda Gerodot skiflar turmushini tasvirlaganda ularning eng yaxshi ko‘radigan ichimligi oldindan tayyorlab qo‘yiladigan bir shifobahsh ichimlik ekanligini qayd etgan. Skiflar hayotini ko‘z oldingizga keltiringda, bu qanday ichimlik ekanligini ayting. Javob: Qimiz. 425-savol: Olloyor boyning yagona qizi Guloyim o‘z dugonalari va o‘z oshig‘i Arslon bilan Eron shohi Nodirshoh va qalmoq xoni Surtaysha hujumidan yurtini himoya qilishga otlanadi. Siz menga Guloyimning nechta dugonasi u bilan birga vatan himoyasiga otlanganini ayting. Javob: 40 ta. Izoh: Gap bu yerda "Qirqqiz” eposi haqida ketmoqda. 426-savol: O’zbekiston hududida ular dastlab kishilarning qish faslida istiqomat qiladigan joyi sifatida vujudga kelgan. Hozirda esa u yerlarda kishilar to‘rttala faslda ham hayot kechirmoqdalar. Qaerda? Javob: Qishloqda. 427-savol: Diqqat savolda almashtirilgan so‘z bor. Sakfar, Omarg va Oamiris dushman qo‘shinini yengish uchun harbiy kengash o‘tkazayotganda, ularning huzuriga marshal kelib o‘z rejasini bayon qilgan. Bu reja keyinchalik samara beradi va dushman qo‘shini qurol-yarog‘siz mag‘lubiyatga uchratiladi. Siz ushbu savolda marshal so‘zi qaysi so‘z bilan almashtirilganini topingda menga o‘sha marshalni ismini ayting. Javob: Shiroq. Marshal so‘zi otboqar so‘zining o‘rniga ishlatilgan. Izoh: Marshal so‘zi frantsuz tilida otboqar degan ma’noni anglatadi. 428-savol: Brassica rapa ni chiqarish uchun avval 3 ta Homo sapiens, so‘ngra Canis familliaris, Felis catus ovora bo‘lishdi, nihoyat Murinae vakili kelib ishni oxiriga yetkazadi. Endi ularning barchasi qanday sho‘rva ichishlari mumkin? Javob: Sholg‘om sho‘rva. Izoh: Bu yerda sholg‘om, 3 ta inson ya’ni, chol, kampir, nevara hamda it, mushuk va sichqonning lotincha ilmiy atalishi keltirilgan. 429-savol: Bahri Akramovaning Habiba, Vova, Shuhrat, Hamidulla, Rafiq, Rahmatulla, Xolida, Samug‘, Yo‘ldosh, Ergash, Halima, Qoravoy, Ne’mat, Muazzam, Hakima va Ulug‘bek degan farzandlari bo‘lgan. Siz menga Bahri Akramovaning erining ismi-sharifini ayting. Javob: Shoahmad Shomahmudov. 430-savol: "To‘maris o‘yinlari” festivalida xalq milliy harakatli o‘yinlari "Otib qochar”, "Otishma”, "Tortishmachoq”, arqonda sakrash, to‘p uloqtirish, qo‘l kuchini sinash kabi musobaqalar bo‘ladi. Ushbu festivalilk marotaba Jizzah shahrida nechanchi yili bo‘lib o‘tganligini ayting. Javob: 1999 yil – Ayollar yilida. Musobaqada faqat ayollar ishtirok etishadi. 431-savol: Ushbu "Ustalarning ustasi” bo‘lgan "Professional” aktyorning Kann kinofestivali bilan munosabatlari yaxshilanmadi. Biroq bu "Riodan kelgan odam” Fahriy legion ordeniga sazovor bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu savolda gap kim haqida ketmoqda? Javob: Jan Pol Belmondo. Izoh: Ushbu savolda Jan Pol Belmondo suratga tushgan eng mashhur filmlarning nomi keltirilgan. 432-savol: 1499 yilda ispanlarning A. De Oxeda ekspeditsiyasi bu mamlakat qirg‘oqlarini tekshirganda indeyslarning suvda qoziqlar ustida qurilgan turar joylarini ko‘rib, bu diyorni bir nom bilan atashdi. Ular bu diyorni qanday atashgan? Javob: Venesuela ("Kichik Venetsiya”). 433-savol: Men birinchi marta u bilan 16 yoshimda tanishdim. U bilan oz emas, ko‘p emas 10 yil birga bo‘ldik. Keyin u meni vaqtinchalik tark etdi. Biroq hijron uzoqqa cho‘zilmadi, oradan 3 hafta o‘tib biz yana diydor ko‘rishdik. U endi boshqacha, o‘zgacha edi. Biz yana 20 yil u bilan birga bo‘ldik. Buni qarangki, yana ayriliq. Bu ayriliq ham uch haftaga cho‘zildi va biz yana diydor ko‘rishdik, endi ajralmas bo‘lib, umrbod birga qoladigan bo‘lib uchrashdik. Mening bu beqaror va sodiq do‘stimni ayting. Javob: Pasport. 434-savol: Uning hususiyatlaridan texnikada keng foydalaniladi. Kemalar, samolyotlar, kosmik apparatlarga uning hossasiga asoslangan har hil asboblar, giroskop, kompas va stabilizatorlar o‘rnatiladi. Lekin 30 yildan ortiq davr mobaynida undan boshqa maqsadda ham foydalanilmoqda. Qanday maqsadda? Javob: Tomoshabinlardan kelgan maktublarni tanlashda. Izoh: Bu yerda gap pirildoqlar (volchok) haqida ketmoqda. 435-savol: Butunittifoq o‘simlikshunoslik institutining O’rta Osiyo tajriba stantsiyasida 1944 yili Juravel va Negrul Bolqon uzumi va Gamburg muskati navlarini chatishtirib, yangi uzum navini olishadi va unga yaxshi niyat bilan nom berishadi? Qanday nom berishgan? Javob: "Pobeda” ("g‘alaba”). 436-savol: Protivogazlarning ikki hil turi bor. Filtrlovchi va izolyatsiyalovchi. Ular tashqi ko‘rinish jihatdan bir-biriga o‘xshab ketadi. Lekin ularning bir printsipial farqi bor. Bu farq nimada deb o‘ylaysiz? Javob: Filtrlovchi protivogazdan foydalanilganda tashqaridagi havodan foydalaniladi, izolyatsiyalovchi protivogazda esa foydalanilmaydi. 437-savol: 1865 yilda tog‘ muhandisi Frederik Idestem o‘z mamlakatining janubi-g‘arbida yog‘ochga ishlov beruvchi korxonani tashkil etadi. Keyinchalik borib-borib bu korxona yiriklashib butun dunyo insonlarini o‘zaro bog‘ladi. Siz menga Idestem qaysi mamlakat fuqarosi bo‘lganligini va uning tashkil etgan korxonasi qanday atalganini ayting. Javob: Finlyandiya, Nokia. 438-savol: Bu ikki adashlardan birinchisi 1946 yilning 5 sentyabrida Zanzibarda, ikkinchisi huddi shu yili 16 aprelda Toshkentda tug‘ilgan. Ularning har ikkalasi ham 25 yoshga to‘lganlarida o‘z guruhlarini tuzishadi. Bu guruhlarni birinchisi butun dunyoga mashhur bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchisi ham jahonning ko‘p davlatlarini kezib chiqdi. Siz menga bu adashlarning ismini emas, ular tashkil etgan guruhlar nomini ayting. Javob: "Kuin” va "Yalla”. (Farruh Balsara va Farruh Zokirov). 439-savol: Sizlarning har biringiz shubhasiz unga egasiz, kimdadir ko‘proq, kimdadir kamroq. Bunga bizda unchalik e’tibor berilmaydi. Lekin AQSh da uning yordamida armiyaga yoshlarni saralab olishadi. Albatta bo‘lajak vatan himoyachisi uchun uning qanchaligi katta ahamiyatga ega. Bilimdonlar uchun ham bu ahamiyatli ekanligini hisobga olib uni nimaligini ayting. Javob: Intellektual koiffitsient. 440-savol: O’zbekiston milliy entsiklopediyasining 4-jildida Sent-Lyusiya davlati poytahti haqidagi maqola bilan Pokistonning sharqiy qismidagi shahar haqidagi maqolalar orasida butun dunyoga mashhur yurist haqidagi maqola berilgan. Bu yuristning to‘liq ismi-sharifiga e’tibor bersangiz uni bir millatga mansub deb o‘ylashingiz mumkin. Lekin u boshqa millatga mansub. Men sizdan u qaysi millatga mansubligini so‘ramayman, siz menga u qaysi davlatda tug‘ilganini ayting. Javob: Kuba. Izoh: Gap bu yerda Fidel Kastro Rus haqida ketmoqda. (Kastri va Kasur shaharlari haqidagi maqola orasida). 441-savol: Blits savol. Mavzu: Servis belgilari. 1-savol: Mexmonxonani shifoxonaga aylantiruvchi belgi qaysi? 2-savol: Oshxonani anglatuvchi belgida aynan qaysi ikki predmet tasvirlangan? 3-savol: Dam olish joyini anglatuvchi belgida qaysi daraxt tasvirlangan? Javoblar: 1. Qizil xoch. 2. Vilka va pichoq. 3. Archa. 442-savol: U haqida ikki o‘zbek adibi bir-biriga o‘xshash fikrlarni bayon qilishgan: birinchisi uning kuchini artilleriya qurolidan yuqori qo‘ygan bo‘lsa, ikkinchisi yadro qurolidan ustun qo‘ygan, xatto uning qo‘llanilishi borasida tavsiya ham bergan. Siz menga uning nimaligini va o‘sha ikki adib aytgan qurol turlarini ayting. Javob: Adabiyot, zambarak va atom (bombasi). Adiblar esa mos ravishda Parda Tursun va Abdulla Qahhor. 443-savol: Agar mushuksimonlar oilasi vakillaridan birining nomidan bitta harfni olsak, bo‘risimonlar oilasi vakillaridan birining erkagining nomi kelib chiqadi. Birinchisi yovvoyi hayvon bo‘lsa, ikkinchisi uy hayvoni hisoblanadi. Bir daqiqadan keyin ikkala hayvonni ham ayting. Javob: Sher va it. (Arslon va arlon). 444-savol: Bu xalq o‘zini "oq quyoshning farzandlari” deb hisoblashadi. Xattoki ularning bayrog‘ida ham oq quyosh tasvirlangan. Bu xalqning nomini eshitganimizda bizning hayolimizga keladigan qimmatbaho tosh esa oq rangli emas. Siz menga bu tosh qaysi rangda bo‘lishini ayting. Javob: Qizil (yoqut). Izoh: Yoqutlar o‘zlarini aynan shunday atashadi. Yoqutiston bayrog‘ida esa oq quyosh tasvirlangan.
|
Категория: Zakovat. | Добавил: Taqvo
|
Просмотров: 4775 | Загрузок: 0
| Рейтинг: 0.0/0 |
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи. [ Регистрация | Вход ]
|
| |