Tildan keladigan ofatlar ko’p va turli tuman bo’lib, ular qalbni sarhush qiladi. Odam tabiatida ham ularga moyillik bor. Mazkur ofatlardan qutulishning eng oson yo’li jim turish orqali bo’ladi. Bu juda katta faziylatdir. Jim turish himmatni jamlaydi va fikrni sozlaydi. Bu haqida bir qancha hadislar kelgan: Sahl roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Kim menga ikki oyog’i orasidagi narsani va ikki jag’i orasidagi narsani kafolatini bersa, men unga jannatni kafolatini beraman,” –dedilar. Ikkovini Buhoriy va Termiziy rivoyat qilishgan. Imom Termiziy Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: "Rosululloh sollallohu alayhi vasallam bilan safarga chiqqan edim. Bir kuni yurib borayotganimizda u zotga yaqinlashib: "Ey, Allohning Rosuli, menga meni jannatga kiritadigan va do’zahdan uzoqlashtiradigan amalning habarini bering”,-dedim. "Batahqiq, buyuk narsani so’rading. Zotan, u Alloh muyassar qilgan kimsa uchun juda ham osondir. Allohga ibodat qilursan. Unga hech narsani shikr keltirmassan. Hamda namozni qoim qilursan. Zakotni ado qilursan. Ramazon (ro’zasi)ni tutursan. Baytni haj qilursan, dedilar. So’ngra: "Seni yahshilik eshiklariga dalolat qilib qo’yaymi: ro’za saqlovchidir. Sadaqa huddi suv olovni o’chirganidek xatolarni o’chiradi. Kishining tun ichida o’qigan namozi solihlarning shioridir” deb, "Yonboshlari yotar joylaridan jafoda bo’lurlar” oyatini tilovat qildilar. So’ngra esa: "Senga ishning boshi, umirtqa pog’onasi va o’rkachining cho’qqisi haqida habar beraymi?”- dedilar. "Ha, ey Allohning Rosuli”, -dedim. "Ishning boshi Islomdir. Uning umirtqa pog’onasi namozdir. Uning o’rkachining cho’qqisi esa, jihoddir”,- dedilar. So’ngra dedilar: "Senga o’shalarni hammasiga molik (ega) bo’lgan narsani habarini beraymi?” "Ha, ey Allohning Payg’ambari”, - dedim. "Bas, u zot tillarini tutib: "Mana buni tiygin!” – dedilar. "Ey Allohning Payg’ambari, biz gapirgan narsamiz uchun, albatta, (iqobga ya’ni jazoga) olinamizmi?” – dedim men. "Onang azangni tutsin. Ey Muoz. Odamlarning tillarini mahsuli do’zahga yuztuban(yoki tumshuqlari ila) tushirmasa, nima tushirar edi!” – dedilar. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu: "Tildan ko’ra qamoqda turishga hojatliroq narsa yo’q” degan. Abu Dardo roziyallohu anhu aytadi: "Ikki qulog’ingni og’zingdan saqla. Oz gapirib, ko’p eshitishing uchun senga bitta og’iz ikkita quloq berilgan.” Muxallad ibn Husayn: "Ellik yildan beri uzr aytishga sabab bo’ladigan biror o’giz so’z aytmadim” degan ekan.
Shayh Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarini "Ruhiy Tarbiya" kitoblarini 1-juz'idan olindi. Ikkinchi ofat-keraksiz so'zga kirishish..
Botil so’z ichkilikbozlik majlislari va fosiqlarning qilmishlariga o’hshash narsalar haqidagi gaplardir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Banda bilib bilmay bir so’zni aytadi va u tufayli do’zahning mag’rib bilan mashriq orasidan ham chuqur joyiga tushadi,” -dedilar. Ahmad, Buhoriy va Muslim rivoyat qilishgan. Janjal va tortishuvlar ham botil gapga yaqin narsalardir. Ularda birovni hatosini isbot qilish uchun nizolashiladi. Bunga birovdan ustun kelish istagi sabab bo’ladi. Agar masala dinga tegishli bo’lsa, munkar narsani inkor qilish va to’g’risini bayon qilib berish zarur. Ammo gap dunyo to’g’risida bo’lsa, talashib-tortishib o’tirishni keragi yo’q. Bu ofatni davosi o’z fazlni izhor qilishga sabab bo’lgan kibrni sindirishdan iborat. Janjal va tortishuvlardan kataroq ofat husumat qilishdir. Ayniqsa, botil yo’l bilan ilmsiz ravishda husumat qilish juda ham yomon ish. Chunki, u qalblarni hasadga to’ldiradi, g’azabni qo’zitadi va birovni obro’siga til tekkizishgacha olib boradi. Shuning uchun haq egasi ham, iloji boricha, husumatchilikdan o’zini olib qochgani afzal.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Sening husumatchi bo’lib turishing gunohkorlik uchun yetarlidir,- dedilar. Termiziy rivoyat qilgan.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Alloh uchun odamlarning eng yomon ko’rilgani ashaddiy husumatchidir, - dedilar. Ikki Shayh va Nasaiy rivoyat qilishgan. "Ashaddiy husumatchi” sulhni qabul qilmaydigan, janjalni pulga sotib oladigan shahsdir.
|