Imom Ibn Hajar va imom Zahabiy, uzrsiz yolg'on gunohi kabiradir, deganlar. Alloh taologa va Rasululloh alayhissalomga qasdan yolg'on to'qish kufrdir. Qur'oni Karimda yolg'on haqida bir yuz oltmish yettita oyat bor. Alloh taolo "Nahl" surasida: "Yolg'onni faqat Allohning oyatlariga iymon keltirmaydiganlargIna to'qirlar. Ana o'shalar o'zlari yolg'onchilardir"degan (105-oyat)
Aslida, yolg'onni faqat iymonsiz kofirlargina to'qiydilar. Chunki, kofirlarda savob, gunoh degan tushuncha yo'q. Yolg'on gapirsa, gunoh bo'lishi, u dunyoda azoblanishi haqida e'tiqodi bo'lmagani uchun, o'ylamasdan yolg'on to'qiyveradilar. Mo'minlar esa, yolg'onni katta gunoh deb biladilar. Yolg'on gapirish tufayli ohiratda azobga duchor bo'lishlaridan qo'rqadilar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Munofiqning belgisi uchta: agar so'zlasa, yolg'on so'zlaydi, va'da qilsa bajarmaydi va unga omonat topshirilsa, hiyonat qiladi"-dedilar. To'rtovlari rivoyat qilishigan.
Imom MoliK rivoyat qilgan hadisi sharifga Safvon ibn Sulaym roziyallohu anhu aytadilarki: "Ey, Allohning Rasuli! Mo'min qo'rqoq bo'ladimi?" - deb so'raldi. "Ha",-dedilar. "Ey, Allohning Rasuli! Mo'min Baxil bo'ladimi?"-deb so'raldi. "Ha",-dedilar. "Ey Allohning Rasuli! Mo'min yolg'onchi bo'ladimi?" -deb so'radilar. "Yo'q",-dedilar".
Qays ibn Abu Hozimdan rivoyat qilinadi: "Abu Bakr roziyallohu anhuning: "Yolg'ondan hazir bo'linglar! Yolg'on albatta, iymondan chetlatuvchidir", deganini eshitdim". Bayhaqiy rivoyat qilgan.
Yolg'on haqidagi gaplardan namunalar:
-Umar ibn Xattob: "Meni rost pastlatgani, aslida, u pastlatishi nodir, yolg'on ko'targanidan, aslida, uning ko'tarilishi nodir, yaxshiroqdir", degan.
-Arvaa ismli ayol Sa'iyd ibn Zayd ibn Amr ibn Nufayl ila hovli talashib xusumat qildi. Shunda u: "Bu ayolni o'z holiga qo'yinglar. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning "Kim nohaqdan bir qarich yerni olsa, qiyomat kuni yetti qavat yer unga tavqi la'nat bo'ladii",deganlarini eshitganman. Allohim! Agar bu ayol yolg'onchi bo'lsa, ko'zini ko'r qilgin va qabrinni hovlisida qilgin", dedi. Men o'sha ayolning ko'r bo'lib, devorlarni paypaslab yurganini ko'rdim. U: "Menga Sa'iyd ibn Zaydning duosi tegdi", der edi. Bir kuni hovlisida ketayotib quduqqa tushib ketdi va o'sha quduq unga qabr bo'ldi".
Yolg'onning zararlari: 1. Yolg'on o'z egasini parchalaydi. 2. Yolg'on o'z egasini do'zahga olib boradi. 3. Yolg'on uzoqni yaqin, yaqinni uzoq qiladigan sarobdir. 4. Yolg'on muruvvat, jamol va chiroyni ketkazadi. 5. Yolg'on aql o'g'risidir. 6. Yolg'on xoru zor bo'ladi. 7. Yolg'on diynu dunyoni buzadi. 8. Yolg'on pastkashlik alomatidir.
Islomda yolg'on harom va katta gunoh hisoblansa ham, undan kattaroq zararni qaytarish uchun uch holatda istisno tariyqasida yolg'on ishlatishga ruxsat berilgan.
1.Odamlar orasini isloh qilish. Musulmonlarning bir-birlarini bilan urishib yurishlari juda ham yomon ish. Bu yomon ish oqibatida insonlar va jamiyatlar orasi buziladi. Kishilarning bir-birlari bilan xusumatlashishlari, urishishlari barcha balo-ofatlarning boshidir. Shuning uchun, bu holat paydo bo'lishi bilan, qanday qilib bo'lsa ham, uni bartaraf qilishga o'tmoq zarur. Bu yo'lda hatto yolg'on gapirilsa ham, ruxsat beriladi. Odamlarning orasini isloh qilish uchun yolg'on gapirgan odam faqatgina yaxshilik uchun yolg'on gapiradi.
2. Urushda g'alaba qilish uchun. Dushman bilan bo'layotgan qurolli qarama-qarshilik hayot-mamot jangi bo'ladi. Bu jangda dushman qo'lidan kelgan barcha ishlarni, jumladan, yolg'onni ham ishga soladi. Agar askar yengilsa, barha ummat va millat dushman asorati ostida qoladi. Shuning uchun ham, ko'pchilik manfaati yo'lida dushmanni dog'da qoldirish uchun yolg'on gapirishga ruhsat beriladi.
3.Oilaning ahilligini saqlab qolish uchun. Har bir jamiyatda oilaning ahilligi alohida ahamiyat kasb etiladi. Ahil oilada o'sgan bolalar salohiyatli fuqaro bo'lib o'sadilar. Ota-onaning janjallari sadosi ostida o'sgan bolalar esa, salohiyatli fuqaro bo'lishlari qiyin. Shuning uchun ham, er-xotin orasidagi o'zaro ahillik juda ham muhimdir. Ana o'sha ahillikni saqlab qolish maqsadida eru xotinga bir-birlariga yaxshiik ma'nosida yolg'on gap aytishlariga ruhsat berilgan. Ushbu istisno tariyqasida ruhsat berilgan uch holatdan boshqa hollarda yolg'on gapirish mutlaqo mumkin emas.
Ummu Kulsum binti Uqba roziyalohu anhodan rivoyat qilinadi. Bu ayol Nabiy sollallohu alayhi vasallamga bay'at qilgan birinchi muhojiralardan bo'lgan edi. U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning:"Odamlar orasini isloh qilgan qazzob emas, xayrni aytadi va xayrni yetkazadi", deganlarini eshitgan ekan. U kishi aytadiki: "Men u zotning odalar "yolg'on" deydiigan narsadan biror narsaga ruxsat berganlarini eshitmaganman. Illo, uch narsaga: urushdan, odamlar orasini isloh qilishda va erning o'z xotiniga va xotining o'z eriga gapirishida ruhsat berganlar". To'rtovlari rivoyat qilishgan.
Abu Dovudning lafzida "Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yolg'ondan biror narsaga ruxsat berganlarini eshitmaganman. Illo, uch narsani "yolg'onchi hisoblamayman" der edilar: odamlar orasini islooh qilgan odamni. U bir gapni aytsa, undan islohdan boshqani iroda qilmaydi. Urushda so'z so'zlagan kishi va o'z xotiniga so'z aytgan erni hamda o'z eriga so'z aytgan hotinni",deyilgan.
Gapni burib gapirish, ya'ni kishi og'ir holda tushib qolganida sirtidan boshqa, ichida boshqa ma'no beradigan gapni aytib, ochiq-oydin yolg'on gapirmay qutulib ketishga ruxsat bor.
Imron ibn Husoyn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Albatta, gapni burib gapirishda yolg'ondan qochish maydoni bordir",-dedilar. Ibn Adiy va Bayhaqiy rivoyat qilishgan.
Islom olamida Qur'oni Karimda mahluq deyish fitnasi chiqqanda xalifa hammani bu gapni aytishga majbur qilishga o'tgan. Navbat imom Shofe'iyga kelganda u kishi: "Albatta, mana bular mahluqdirlar", deb to'rt panjalarini ko'rsatganlar. Taftishchilar, o'zlaricha, to'rt ilohiy kitob: Zabur, Tavrot, Injil Va Qur'on mahluq, deb aytilganini tushunmaganlar. Imom Shofe'iy bo'lsalar, to'rt panjali iroda qilganlar.
O'zining zolimligi bilan dong taratgan Hajjoj sahobalarning birlaridan: "Men haqimda nima deysan?" deb so'ragan. Shunda u kishi: "Sen qositsan" degan. Arab tilida "qosit" so'zining ikki qarama-qarshi ma'nosi bor. Bu so'z ham "odil", ham "jabr qiluvchi" ma'nolarini bildiradi. Mazkur sahobiy roziyallohu anhu Hajjojga, "Sen qositsan" deganida o'sha yerda turganlar unga: "Seni madh etdi", deyishgan. Ammo Hajjojning o'zi: "Yo'q, u mani jabr qiluvchi demoqda", degan
|