Biling, orzu-havaslarga berilishning ikkita sababi bor: jaholat va dunyoga muhabbat. «Hubbud-dunyo», ya’ni «dunyoga muhabbat» degani nima? Inson dunyoni, dunyo istaklarini, dunyoni qo‘lga kiritish vositalarini do‘st tutadi. Bu tuyg‘udan ajralish, bu ayriliqqa sabab bo‘luvchi o‘lim haqida fikrlash qalbga og‘ir. Negaki, nimanidir yomon ko‘rish, o‘sha narsani o‘zidan uzoqlashtirishga majbur qiladi. Inson bo‘lmag‘ur orzu-havaslar oshig‘idir. U doimo maqsadiga muvofiq kelgan narsa orzusida bo‘ladi. Maqsadiga muvofiq kelgan narsa esa dunyoda abadiy qolish. U shu maqsad yo‘lida izlanadi, bu izlanish hayotining mazmuniga aylanadi. U o‘zining hech qachon amalga oshmaydigan maqsadini amalga oshi-rish uchun mol-dunyo, ahli ayol, uy-joy, yor-do‘st, ulov-markab kabi dunyoviy sabablarni shu darajada qadrlaydiki, go‘yo shularning o‘zi ayni baqo, go‘yo shu vositalargina yagona chora!? Ha, inson qalbi shu yolg‘onlarga aldangan. O’limni eslash, bu tuyg‘uga yaqin borish unga begona, Ba’zan o‘lim va o‘limga hozirlik ko‘rish haqidagi o‘ylar xotiriga keladi. Lekin inson o‘sha zaxoti bu o‘ylarni xayolidan quvib: hali yoshsan, oldingda qancha kunlar bor, tavbaga ulgurasan, deydi, o‘ziga o‘zi. Vaqt o‘tib, yoshi ulg‘aygach, aytadi: ayni kuchga to‘lgan payting, qarib, keksayguncha sabr qil, keyin tavba qilarsan. Qarib, cholga aylangach, tavbani kechiktirishga sabab bo‘luvchi bahonalar yana ko‘payadi: shu imoratni va mol qo‘rani qurib bitkazay yoki shu safardan qaytay, keyin albatta tavba qilaman; o‘g‘limning uyiga falon-falon jihozlarni olib beray yoki falon dushmanimni ham bir yoqli qilay, keyin bir yo‘la tavbaga yuzlanaman, deydi. Shu tarzda bir ishga o‘n ish ulanib ketaveradi, dunyo tashvishi tugamaydi. Kunlar ketidan kunlar o‘taveradi, tavbani kechiktirish esa to so‘nggi kungacha, kutilmaganda o‘lim yoqadan oladigan na-fasgacha davom etadi. O’sha daqiqalarda hasrat ko‘p, qayg‘u cheksiz bo‘ladi, Axir, do‘zax ahli qichqirig‘ining aksari tavbani kechiktirganligi uchun emasmi?! Ular: biz tavbani kechiktiruvchilarning axvoliga voy bo‘lsin, deb alam bilan baqiradilar. Tavbani kechiktiruvchi sho‘rlik inson bugun tavbani orqaga surishga undayotgan sabab ertaga ham o‘zi bilan birga bo‘lishini anglamaydi. Muddat cho‘zilgani sayin bu sarkashlik quvvat olib, mustahkamlanib boradi. Bechora inson ham dunyoga sho‘ng‘iydi, ham dunyodan uzulishini orzu qiladi?! Hayhot! Dunyo muhabbatidan kechish dunyoga quchoq ochish bilan emas, undan yuz o‘girish bilangina hosil bo‘ladi. Ba’zan inson: hali yigit yoshida bo‘lsam, o‘lim menga uzoq, degan o‘yda yoshligiga ortiqcha ishonadi. Holbuki, «sho‘rlik bola» butun shahardagi erkaklarga nisbatan qariyalar soni o‘ndan bir miqdordan xam kamroq ekanligini xayoliga keltirmaydi, Axir, o‘lim yoshlar ichida ko‘proq bo‘lgani uchun ham qariyalar soni kamku?! Agar solishtirilsa, bitta keksa kishining vafotiga qadar mingga yaqin go‘dak va o‘spirin hayot bilan vidolashadi. Inson hali jismonan sog‘lom bo‘lgani uchun o‘limni, o‘limning kutilmaganda kelishini uzoq muddatlardan keyin sodir bo‘lishi mumkin hodisa deb biladi, uning yaqinligini his qilmaydi.Garchi, «o‘limning sharpasi hali uzoqda», deb o‘zni ishontirilsada, dard, dardning to‘satdan kelishi aslo extimoldan uzoq emas. Balki, daf’atanlik har qanday dard, har qanday xastalikka xos xususiyatdir. Xastalikka chalingan kishining sog‘lom kishiga nisbatan o‘limga yaqinligi ko‘pchilikka ayon haqiqat. Kimki mana shular haqida fikr yuritsa, g‘aflatdan ogohlik sari qadam tashlagan bo‘ladi. Ogoh inson o‘lim uchun yigitlik, qarilik, o‘rta yosh yoki yoz-qish, kuz-bahor, erta-kech kabi maxsus vaqtlar tayinlanmaganini yaxshi biladi. O’limni ko‘z oldida tutib. doimo unga tayyorgarlik bilan mashg‘ul bo‘ladi. Ammo jaholat va dunyoga muxabbat insonni uzun dunyo havasiga, o‘limning yaqinligidan g‘ofil qolishga undaydi. To‘g‘ri, ba’zan nimalardir sabab bo‘lib, u o‘limni eslay boshlaydi, Lekin inson bu hodisa aynan o‘zi bilan sodir bo‘lishiga, bir kun o‘zi ham albatta bu dunyo bilan xayrlashishi aniq ekanligiga jiddiy qaramaydi. U janoza namozlariga chiqadi, marhumlarni so‘nggi manziliga kuzatadi. Ammo o‘zi ham yaqinda shunday kuzatilishini xayoliga keltirmaydi.Chunki oyoqlar o‘zgalarning janozalariga yurishga odatlangan, ko‘zlar o‘zgalar o‘limini ko‘rib o‘rgangan. Shunday ekan, inson qanday qilib o‘zining o‘limini tasavvur eta olsin?! Bu unga notanish hissiyot. Negaki, u hali o‘lmagan. Ba’zan o‘limni eslab qo‘yish masalasiga kelsak, bu o‘tkinchi holat. Inson bu holatdan tez chiqib ketadi, uni darhol unutadi. Shuning uchun o‘limni anglash yo‘lida paydo bo‘lgan bu holat har safar birinchi va oxirgi holat bo‘lib qolaveradi. Biling, qachonki banda boshqa birovlar taqdiridan o‘zi uchun ibrat ola boshlasa, unga ma’rifat eshigi ochiladi. Bu eshikdan kirgan orif ertaga tobuti ko‘tarilishini, jasadi sovuq va qorong‘u lahadga qo‘yilib, qaro yerga topshirilishini, qabr og‘zi xom g‘isht bilan yopilib, odamlar qabrdan asta uzoqlashishini tasavvur qiladi. Buni anglamaslik, anglashni kechiktirish jaholatdan boshqa narsa emas! Demak, uzundan uzoq orzu-havaslarga bog‘lanib qolish ham bir kasallik, dard ekan. Dard muolajasi uni keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf qilish bilan amalga oshiriladi. Agar bu dardning jaholat va dunyoga muhabbat kabi ikkita illati daf’ qilinsa, kasallik barham topadi. Jaholatdan qutilish yuli — oxiratga doimo safarbar qalbdan chiqadigan sof fikr hamda pokiza qalb egalari aytgan purma’no hikmatni tinglashdir. Dunyoga muhabbat og‘ir dard. Bu dardning muolajasi avvalgilaru oxirgilarni qiynab keladi. Shubhasiz, bu dardning yagona davosi oxirat kuniga, oxiratda beriladigan kattiq azob va ulug‘ savoblarga iymon keltiryshdir. Ishonch «yaqiyn» darajasiga yetganida, ya’ni shak-shubhadan batamom xalos bo‘lganida dunyoga muhabbat tuyg‘usi qalbdan ketadi, qalbda havasga joy qolmaydi. Chunki qalbni undan ulkanroq muhabbat egallaydi. Dunyoning naqadar haqir va oxiratning naqadar ulug‘ligini anglagan kishi, agar mashriqdan mag‘ribgacha bo‘lgan yerlarning podshohligi ato qilinsa ham, bu arzimas dunyoga qiyo boqmaydi. Negaki, bezovtalik va g‘am-qudurat manbai bo‘lgan ushbu dunyo, uning nazdida, zarracha qadri yo‘q. Beqadr narsaga esa quvonib bo‘lmaydi! Bebaho ganj, ya’ni oxiratga iymon turganida, o‘tkinchi dunyoga muhabbat qalbga qanday o‘rnashishi mumkin?! Alloh taolodan solih bandalariga bu dunyoni qanday ko‘rsatgan bo‘lsa, bizga ham shunday namoyon qilishini so‘raymiz. Dunyo bilan vidolashayotganlarni ko‘rayapsizmi? O’lim kelganida ular qay ahvolda edilar? Ular o‘limni kutganmidilar? O’limga hozirlik ko‘rgan kishi ulug‘ zafarga erishadi. Kimki o‘tkinchi dunyo orzuhavaslariga aldansa, ochiq-oydin ziyon ko‘radi. Inson har lahza o‘z a’zolariga nazar solsin. Vaqti kelib, bu a’zolarni qurtlar qanday kemirishini, suyaklar qanday sochilishini Shoshilmasdan, batafsil ko‘z oldiga keltirsin: qurt-qumusqalar kemirishni avval o‘ng ko‘zining qorachig‘idan boshlaydimi yoki chap ko‘zining qorachig‘idan? Darhaqiqat, insonnng butun a’zoi badani qurt-qumursqaga yem bo‘lishdan o‘zgaga yaramaydi. Alloh taolo roziligi uchun hosil bo‘lgan ilm va xolis amaligini u bilan qoladi. (Imom G’azzoliyning "Ihyou ulumid din” kitobidan)
|