Abu Bakrning onasi Ummu Xayr ismli ayol edi. U ancha vaqtgacha farzand ko‘rmadi. Boshqa ayollarda bo‘lgani kabi farzand ko‘rish ishtiyoqi uning ham qalbini o‘rtardi. Bir safar u eri Abu Qahofa bilan Ka'baga borib sig‘inishga ahd qildi. O'sha vaqtda u yerda uch yuz oltmishta but-sanam saqlanar va arablar Allohga emas, aynan o‘sha haykallarga ibodat qilar edi. Ummu Xayr: "Parvardigoro, agar farzand ko‘rsam, ismini Atiyq deb qo‘yaman", degan niyatni diliga tugdi. Shundan keyin Ummu Xayr farzand ko‘rdi. Yana Ka'baning oldiga kelib: "Ey Parvardigor, bu bola Sening o‘limdan ozod etgan "atiyq"ingdir, buni menga hadya ayla", dedi.
Ummu Xayrning bunday deyishiga sabab, o‘sha davrda qizlarni tiriklay ko‘mish odat edi. Parvardigor unga o‘g‘il ato etib, bolasi yovuz urf qurboniga aylanishidan xalos qilgan edi.
Shunday qilib, Atiyq ulg‘aya boshladi. U kelajakda Allohning rasuli etib tanlangan Muhammad ibn Abdullohdan ikki yilu bir necha oylikka kichik edi. "Atiyq"ning ma'nosi ko‘rkam, aniq va chiroyli deganidir, shuningdek, undan xayr-saxovatda tengi yo‘q kishi ham tushiniladi. "Siddiq" degan nom esa, odamlar rostgo‘y deb bilgan, hayotida umuman yolg‘on gapirmagan kishiga nisbatan aytiladi. Abu Bakr Siddiq umrida yolg‘onni tilga olmagan kishidir. Tarix sahifalarida Xazrati Abu Bakr ismlari Abdulloh, Atiyq, Siddiq ibn Abu Qahofa deb muhrlanib qolgan. U kishi yoshligida juda ziyrak va aqlli edi. Ulg‘aya boshlaganida, otasining: "Kel, ey Ka'baning quli", "Borgin, ey Ka'baning quli", degan so‘zlaridan ko‘ngli o‘ksir, yoshligidanoq sanamlarga sig‘inishni yomon ko‘rardi. Jonsiz but-sanamlardan odamlar foyda ham, zarar ham ko‘rmasligini bilardi. Sanamlarga sajda qilmas va ularning poyiga borishni sirayam istamasdi. Ana shu johiliyat zamonida Alloh taolo uning qalbini shirk amallardan saqlayotgan edi. Atiyq ichki bir tuyg‘u bilan butlarga qarshi isyon etardi.
Kunlardan birida u butlarning oldiga borib: "Men ochman, meni to‘yg‘azinglar", dedi. Lekin ulardan hech qanday sado chiqmadi. So‘ng katta butlar - Hubal, Lot va Uzzoning oldiga borib: "Men tashnaman, menga suv ber", dedi. Lekin ular ham javob bermadi. "Men yupunman, meni kiyintiringlar", deganida ham butlar churq etmadi. Shunda u kishi olihalar insonlarni kiyintirish, hojatlarini chiqarish va ularga aziyat beradigan narsalarni ketkazishga qodir emasligini aniq-ravshan tushundi. Aqlli inson o‘ziga foyda ham, zarar ham keltirmaydigan olihaga qanday qilib ibodat qiladi? Yosh Abu Bakr but va olihalarni ulug‘layotgan, ularga sajda qilayotgan kishilar ustidan kulib: "Tosh toshga ibodat qilyapti", "tosh toshdan madad so‘rayapti", der edi.
Abu Bakr oq yuzli, oriq, ko‘zlari ichiga kirgan, peshonalari keng, quyuqsoch va qomati sal egilgan kishi edi. U Quraysh qabilasi nasablarini hamda o‘qish-yozishni yaxshi biladigan noyob iste'dod sohibi edi. Tijorat ishlari bilan shug‘ullanardi. Taymiy qabilasida yuksak obro‘ga ega edi. Xush xulq fazilatli, saxiy odam edi. Umrida og‘ziga ichkilikni, tiliga yolg‘onni olmagan edi.
Abu Bakr Siddiq Muhammad ibn Abdulloh bilan ko‘p ham suhbat bo‘lar, uyiga tez tez borib turar edi. Ikkovi ko‘p vaqtini birga o‘tkazishar, faqat safar payti yoki ayrim ishlar tufayligina bir biridan ajralishardi. Bir kuni tushida oy Makkaga tushib, undagi har bir uyga nur taratganini ko‘rdi. Keyin hamma nur u kishining ko‘kragida jam bo‘ldi. Bu tushidan bir necha kun o‘tib, Hazrati Abu Bakr Shomga tijorat uchun safar qildi. Ko‘rgan tushini yo‘lda uchragan bir rohibga aytdi. U ahli kitoblardan bo‘lib, Buhayro rohib deyishardi. U Abu Bakrga tu-shini ta'birlab: "Agar gaping rost bo‘lsa, tezda sening qavmingdan bir payg‘ambar chiqadi, sen uning vaziri hamda do‘sti bo‘lasan. Payg‘ambar vafot etgandan so‘ng xalifasi-o‘rinbosari bo‘lasan", dedi. Yana aytdiki: "Kelishi kutilayotgan payg‘ambarga hamma odamlar ergashadi va ularning orasida ent baxtlisi sen bo‘lasan!"
Bu gaplardan Abu Bakr benihoya xursand bo‘ldi. Ammo shunday bo‘lsada, haqiqatni izlashdan to‘xtamadi. Yamanga yetib borganida, axdi kitoblardan bo‘lgan azdlik bir kishini uchratdi. U Abu Bakrga: "Sen haram ahlidan bo‘lsang kerak-a?", dedi.
Siddiq: "Ha", deb javob berdi.
"Kurayshlikmisan?"
"Ha, shunday"
Azdlik kishi yana dedi:
"Sen Taymiy qabilasidan bo‘lsang kerak?"
"Ha".
"Sen to‘g‘ringda meni bir narsa o‘ylantiryapti?"
Abu Bakr unga savol nazari bilan boqdi.
Azdlik kishi aytdi: "Men bir xabar eshitdim".
"Nima ekan u? Avval ayt-chi?"
"Bilishimga qaraganda, yaqinda Makkadan bir payg‘ambar chiqadi. Yosh yoki o‘rta yosh, oq yuzli, ozg‘in va qorni ichiga kirgan bir kishi unga yordam beradi. U balo-ofat va kiyinchiliklarni yengib o‘tadi. Uning qornida bir sham-moma (xushbo‘ylik belgisi) va chap sonida bir alomati bor".
Atiyq qornini ochib, kindigi ustida va chap sonidagi belgilarni ko‘rdi.
Azdlik kishi ovozining boricha: "Ka'baning Robbiga qasamki, sen o‘shasan", deb qichqirdi.
Tijorat tugaganidan so‘ng Makkaga qaytish vaqtida azdlik kishi Abu Bakrning yoniga kelib: "Sen mening she'rlarimdan mana bu baytlarni yodlab ol. Bu haqda payg‘ambaringga yetkazasan", deb she'r o‘kiy boshladi. Abu Bakr u baytlarni yodlab oldi.
Tijorat safaridan qaytgach, u kishining huzuriga Quraysh qabilasining ulug‘lari - Uqba ibn Abu Mu'ayt, Robi'ning ikki o‘g‘li Utba va Shayba, Amr ibn Hishom va Os ibn Voillar kelishdi. Ular: "Ey Atiyq, Abu Tolibning asrab olgan bolasi payg‘ambarlikni da'vo qilyapti. Agar sen u bilan ko‘rishishni istamasang, biz ham u bilan ko‘rishishni istamaymiz", deyishdi. Ularni yaxshilik qilishga buyurdi. So‘ngra Payg‘ambarimizning uylariga borib eshikni taqqillatdi va kirishga izn so‘radi. Rasululloh alayhissalom chiqdilar va u kishini: "Alloh seni do‘zaxdan xalos etdi", - deya qarshi oldilar.
Abu Bakr Muhammad alayhissalomga qaradi va yo‘ldagi voqealarni esladi. Tushda ko‘rganlarini ko‘z oldiga keltirdi. Payg‘ambarimiz s.a.v. Abu Bakrga aytdilarki: "Ey Abu Bakr, men Allohning senga va jamiyki yer yuzidagi insonlarga yuborgan elchisiman. Mening payg‘ambarligimga va Allohning yagonaligiga iymon keltir". Shunda Abu Bakr (r.a.) so‘radi: "Bunga qanday dalilingiz bor?"
Rostgo‘ylar rostgo‘yi bo‘lgan Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: "Senga safarda azdlik shayx bergan baytlar" yodingdami?
Abu Bakrga rohib bu baytlarni o‘rgatgan vaktda oldilarida hech kim yo‘q edi. Abu Bakr xursand bo‘lib so‘radi: "Ey do‘stim, sizga bu xabarni kim yetkazdi?"
Havodan olib gapirmaydigan zot Rasululloh alayhissalom: "Mendan oldin kelgan payg‘ambarlarga ham bunday xabarlarni yetkazgan ulug‘ farishta", dedilar. Abu Bakr ibn Abu Qahofa bu so‘zlarga shubhalanib taraddudlanmadi, balki hech ikkilanmay risolani tasdiqladi.
"Menga qo‘lingizni bering. Men guvohlik berib aytamanki, Allohdan boshqa iloh yo‘q va albatta siz Allohning rasulidirsiz", deb Rasulullohning huzuridan xursand holda chiqdi va islomni qabul qilgan ilk erkak kishi bo‘ldi.
* * *
Abu Bakr qaq dinga iymon keltirgandan so‘ng o‘z qavmini ham islomga da'vat qila boshladi. Usmon ibn Affon, Zubayr ibn Avvom, Abdurahmon ibn Avf, Sa'd ibn Abu Vaqqos va Talha ibn Abdullohlar uning undovi bilai ikki dunyo saodatiga erishdilar.
Xotamul anbiyo Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar: "Men kimni islom diniga chaqirsam ikkilanar va so‘zlarimni eshitishdan yuz o‘girardi. Lekin, Ibn Qahofaga bundan so‘z ochsam, u so‘zimni shubhaga burmasdan, qalbi va tili bilan tasdiqladi. Alloh undan rozi bo‘lsin".
Arqam ib.n Abul Arqam Maxzumiy ham islomni qabul qildi. Uning hovlisida Payg‘ambar alayhissalom va u kishinint sahobalari to‘planishar edi. U Quraysh mushriklarining ko‘zidan uzoq va haramga yaqin joy edi. Bu hovli tarihda "Dorul Arqam" degan nom bilan qolgan.
Shu tariqa musulmonlar safi kundan kunga kengayib bordi. Mushriklar islomni qabul qilgan cho‘ri va qullarini har xil qiynoqqa solar va dinidan qaytishga majburlar, musulmonlar ham har xil qiynoq va tazyiqlarga uchrar edi. Abu Bakr roziyallohu anhu Alloh yo‘lida mushriklardan ozor ko‘rayotgan qul va cho‘rilarni sotib olib ozod qilar edi. Bilol ibn Raboha, Amr ibn Fuhayra, Ummu Amis, Zunniyra, Nahdiya va uning qizlari, Mu'malning joriyasi shunday ozod qilingan qullar sirasiga kiradi. U bu yo‘lda molu davlatini ayamay sarflardi.
Uning bu ishlaridan otasi xabar topib aytdi: "Ey o‘g‘lim, sen zaif qullarni sotib olib ozod qilyapsan, agar kuchli qullarni ozod qilsang, seni himoya qilar va hurmatingni joyiga qo‘yar edi".
Abu Bakr (r.a.) hali islomni qabul qilmagan otasiga shunday dedi: "Ey otajon, men Alloh yo‘lida shu ishni qilishni xohladim". Abu Bakrning bu saxiyligi va oliy janobligi xususida Alloh taoloning ushbu oyati karimasi nozil bo‘ldi: "Ana endi kim (o‘z mollaridan kambag‘al bechoralarga berilishi lozim bo‘lgan zakot va boshqa sadaqalarini) ado etsa va (Allohdan )qo‘rqsa, bas Biz uni oson yo‘lga muyassar qilurmiz." (Layl surasi, 5-7 oyatlar).
Har kuni musulmonlar Arqamning hovlisida mushriklardan yashirinib yig‘ilar edi. Namozni o‘qib bo‘lgach, Abu Bakr (r.a.) aytdiki: "Albagta biz haq yo‘ldamiz, qurayshliklar zalolatdadir. Allohning uyida turgan holda qanday qilib mushriklardan qo‘rqib o‘tiramiz? Qachongacha nur dunyo zulmatida qoladi!?".
Ba'zi sahobalar so‘rashdi: "Ey Abu Bakr, shunday qila olamizmi?"
Rasululloh alayhissalom aytdilar: "Hali biz juda ozmiz".
U to‘lqinlanib gapirar va Rasululloh alayhissalomni Allohning kalomini oshkora qilish uchun masjidga chiqishga undardi. Hech qancha vaqt o‘tmasdan Rasululloh masjidga yo‘l oddilar. U zotga ergashib, sahobalar ham birga chiqishdi. Birgalikda masjidga kirdilar va shunda Abu Bakr mushriklarga xitob qildi.
Quraysh ulug‘lari aytdiki: "Ey Abu Qahofaning o‘g‘li, odamlar oldida ustimizdan kulyapsanmi, bunisi yetmagandek, olihalarimizni haqorat qilayapsanmi? Albatta, bu ishing fitnadir. Agar biz indamasak, Makkada yomonlik ko‘payadi".
Quraysh mushriklari Abu Bakr ustiga tashlanib, juda qattiq kaltaklashdi. Hattoki yuzlari yorilib, ko‘p qon oqdi. Sahobalar u kishini uylariga ko‘tarib ketishdi.
Abu Bakrnint kaltaklanishi Payg‘ambarimiz alayhissalomga og‘ir botdi. Bir kuni u Rasulullohdan Xabashistonga hijrat qilishga ruxsat so‘radi. Ruxsat olganlaridan so‘ng tinch va xotirjam yashash istagida Xabashistonga yo‘l oldi. Abu Bakr moli, oilasi, Rasulullohni Alloh yo‘lida vaqtincha tark etib, Makkadan uzoqka yo‘l oldi va Alloh yo‘lida muhojir bo‘ldi. Makkadan chiqib borarkan, yo‘lda qabila raisi Ibn Dug‘unani uchratib qoldi va "Qaerga ketyapsan, ey Abu Bakr?" deb so‘radi. U to‘g‘risini aytib berdi: "Qavmim menga ko‘p aziyat berib siquvga oldi. Makkadan ketishdan boshqa ilojim qolmadi".
Ibn Dug‘una dediki:" Yo‘q, Allohga qasamki, sen faqirlarga yordam berasan, yetimlarga silai rahm qilasan, qiynalganlarni qo‘llaysan. Yaxshisi, izingga qaytib, musibatlarga sabr qil. Seni o‘z himoyamga olaman".
Ikkalasi Makkaga qaytib kelganlaridan so‘ng Ibn Dug‘una Ka'baning oldiga kelib: "Ey quraysh ahli, men Ibn Abu Qahofani o‘z himoyamga oldim. Menga Abu Bakrni hech kim yomonlab, ustidan arz qilib kelmasin", dedi.
Quraysh ahli bu gapdan so‘ng noiloj uylariga tarqalishdi. Abu Bakr qalbiga omonlik va xotirjamlik indi. Endi u Allohning uyi - Ka'bada namoz va Qur'on o‘qiy boshladi. Bunday paytda u ko‘p yig‘lar, ko‘z yoshini tiya olmasdi. Qurayshning obro‘li kishilari uning bu odati odamlarni islomga moyil qilib qo‘yilishidan qo‘rqa boshladi. Darhol Ibn Dug‘unaning oldiga borib arzi hol qilishdi: "Abu Bakrga buyurki, uyiga borib xohlaganicha namoz o‘qisin va xohlaganicha Qur'on o‘qisin. Bizga ozor bermasin. Namoz va Qur'onni uyidan boshqa joylarda oshkor qilmasin".
Ibn Dug‘una Abu Bakrning oldiga borib, bo‘lib o‘tgan voqeani yetkazganidan keyin faqat uyida ibodat qiladigan bo‘ldi. Keyinchalik hovlisining bir chetidan masjid qurib, namoz va Qur'onni shu joyda o‘qirdi. Mushriklarning ayollari va bolalari unga ajablanib qarar, u namoz va Qur'on o‘qiyotgan joydan ketkilari kelmasdi. Bu narsa Quraysh ulug‘lari qalbida yana vahima uyg‘otdi. Bu odati ham ularga yoqmadi. Ibn Dug‘unaning oldiga elchi yuborib, oldilariga chaqirdilar. Ibn Dug‘una Abu Bakr (r.a.)ning oldiga yana o‘tishga majbur bo‘ldi. Va dedi: "Ey do‘stim, senga qattiq ishonishimni bilasan. Sen yo bu amalingdan to‘xta, yo..."
Abu Bakr r.a o‘ktamlik bilan: "Agar sendan shu narsani talab qilayotgan bo‘lsa, ximoyangdan voz kechaman, Alloh va Rasulining himoyasiga roziman". Ikkalasi mushriklarning oldiga borishdi. Ibn Dug‘una ularga qarab: "Ey Quraysh ahli, Abu Bakr mening himoyamdan chiqishini so‘radi. Endi Abu Bakr mening himoyamda emas. Endi o‘z bilganlaringni qilinglar", dedi.
* * *
Bir kuni Rasululloh alayhissalom Masjidul Haramga bordilar. Ka'ba oldidagi kishilarga shunday dedilar: "Men bugun kechasi sayr qildim".
Abu Jahl aytdiki: "Qaerga sayr qilding. Payg‘ambar alayhissalom aytdilarki - Baytul maqdisga sayr qildim. Abu Jahl haddidan oshib yana so‘radi: "Keyin ertalab oldimizda bo‘ldingmi?". Rasululloh alayhissalom: "Ha", deb tasdiqladilar.
Allohning dushmani Abu Jahl nabiy alaihissalomning bu so‘zlarini masxara qilib: "Hozir aytgan so‘zlaringni qabiladoshlaring oldida ham ayta olasanmi?", deb so‘raganda Rasululloh alayhissalom: "Ha, ayta olaman", dedilar.
Abu Jahl raqibini yenggan jo‘jaxo‘rozdek baland ovozda baqirdi: "Ey Quraysh jamoasi, bu yoqqa kelinglar".
Uning ovozini eshitib, Ka'ba atrofidagi kishilar to‘plana boshladi. Abu Jahl Rasululloh alayhissalomga: "Menga aytgan gaplaringni manavilarga ham aytib ber", dedi-da Abu Bakr (r.a.)ning uyiga jo‘nab ketdi. Abu Jahl u kishining uyiga borib aytdiki: "Ey Abu Bakr, sening do‘sting bu kecha Baytul maqdisga sayr qilibdi, bunga nima deysan?"
Abu Bakr aytdi: "Sizlar uning sha'niga yolg‘on to‘qiyapsizlar". Abu Jahl muddaosi osongina hal bo‘lganini anglab: "Allohga qasamki, biz emas, uning o‘zi shunday deyapti", - dedi. Abu Bakr (r.a.) aytdi: "Agar u o‘zi shu so‘zlarni aytgan bo‘lsa, albatta rost aytibdi" deya tasdiqladi.
U Abu Bakr (r.a.)ga ko‘zini xanjardek qadadi va aytdi-ki: "Sen ham bir kechada Baytul maqdisga borib, tong otmasdan qaytib kelganini tasdiqlaysanmi?"
Abu Bakr dedi: "Ha, bundan ham g‘aroyibrog‘ini tasdikdayman. Seni ajablantirgan narsa nima u? Aytishiga qaraganda unga vahiy osmondan kechasi yo kunduzi har mahal kelaveradi. Bu esa sizlarga aytgan narsadan ham ajoyibroq emasmi?"
Abu Bakr (r.a.) va Abu Jahl Rasululloh alayhissalomning oldiga borishdi. Abu Bakr Nabiy alayhissalomdan so‘radi: "Ey Allohning Payg‘ambari, Quraysh qavmi bu kecha Baytul maqdisga borib kelganingizni aytdingizmi?"
Nabiy alayhissalom: "Ha", deb javob qildilar. Abu Bakr tag‘in so‘radi: "Ey Rasululloh, menga bu voqeani sifatlab bering, shunint uchun oldingizga keldim". Payg‘ambariga ko‘rinib turishi va sifatlashi uchun Baytul maqdisni Alloh Uqayl ibn Abu Tolibning hovlisi yaqiniga keltirib qo‘ydi. Rasululloh alayhissalom Uqaylning hovlisini qanday ko‘rib tursa, Baytul maqdisni ham shunday qo‘rib turar va uni ta'riflar edilar. (Uqaylning hovlisi Ka'baga juda yaqin edi.)
Payg‘ambarimizdan ta'rifni eshitgan Abu Bakr (r.a.) shunday dedi: "Rost aytdingiz, guvohlik beramanki, siz Allohning rasulisiz".
Hazrati Abu Bakr qachon u zotdan bir so‘z yoki ta'rifni eshitsa, shunday deyishga odatlangandi. Rasululloh s.a.v so‘zini tugatib Abu Bakr ibn Abu Qahofaga: "Sen Siddiqsan", dedilar. Shu kundan boshlab musulmonlar u kishini "Siddiq" deb atay boshladi.
* * *
Rasul alayhissalom Yasribga hijrat qilishga izn bo‘lishligini kutib yurardilar. Alloh taolo hali payg‘ambarga ruxsat bermagandi. Payg‘ambarimiz bir kuni Abu Bakr Siddiqning uyiga bordilar. Bu tashrif do‘stini ajablantirdi. U zot dedilar: "Menga Alloh hijrat qilishim uchun ruxsat berdi".
Abu Bakr Siddiq dedi: "Ey Allohning rasuli, sizga ota-onam fido bo‘lsin. Albatta sizga hamroh bo‘laman".
Rasululloh alayhissalom rozilik berdilar. Abu Bakr bundan xursand bo‘lib takbir aytdi.
Ikkalasi birga Yasribga yo‘l olishdi. Bu islom olamidagi ulkan voqea edi. Savr g‘ori og‘ziga yetganda Abu Bakr Rasululloh alayhissalomga: "Sizni haq bilan yuborgan Allohga qasamki, g‘or og‘ziga kirmay turing, men sizdan oldin kirayin, agar g‘orda biror xavf bo‘lsa, bu xavf menga yetsin", dedi.
Abu Bakr g‘orni tozalash uchun kirdi. Har bir toshni ko‘tarib qaradi. Bir toshning tagidan uya chiqdi, ko‘ylagani yechib unga tiqib qo‘ydi. O'sha uyada ilon bor edi. Xavf yo‘qligini bilgandan so‘ng Rasuli Akramni chaqirdi. Payg‘ambarimiz alayhissalom hazrati Abu Bakrning tizzalariga boshlarini qo‘yib uxladilar. Bir oz o‘tgandan so‘ng Abu Bakr (r.a.) oyoqlarini bir narsa chaqayotganini sezdi. Tong otgach, Rasul alayhissalom Abu Bakr (r.a.)dan ko‘ylaging qani, deb so‘radilar. Abu Bakr (r.a.) bo‘lib o‘tgan voqeani aytib berdi. Rasul alayhissalom Abu Bakrnint oyog‘i shishib turganini ko‘rdilar va: "Senga nima qildi", deb so‘radilar. Abu Bakr ilon chaqqani uchun shishganligini aytganidan so‘ng, Paytambarimiz alayhissalom ilon chaqqan joyga dam urib shunday duo qildilar: "Allohim, Abu Bakrni jannatdagi darajamda,birga qilgin". Allohnint qudrati bilan shish va og‘riq yo‘qoldi. So‘ng Alloh taolo Nabiy alayhissalomga vahiy yuborib, duolari ijobat bo‘lganini bildirdi.
Quraysh mushriklari Muhammad alayhissalom bilan u zotning do‘stini topish uchun har tomonga odamlarini jo‘natishdi. Izga tushganlar aylanib-aylanib g‘orning og‘zida to‘xtadilar. Payg‘ambarimiz va Abu Bakrni shu yerda deb gumon qilib, g‘or atrofini o‘rab oldilar. Alloh taolo o‘rgimchakni yubordi. U g‘or og‘zi va atrofiga in qo‘ydi.
Qodir Alloh yana ikkita kabutarga amr qildiki, g‘or atrofidagi butaga in qurdi, tuxum qo‘yib jo‘ja ochdi. Quraysh ulug‘lari g‘or og‘ziga yetib kelgunicha hammasi taxt bo‘ldi.
Abu Bakr tashqaridagilarni ko‘rib, ovozlarini eshitdi.
U yoq-bu yoqqa razm solganlardan biri: "Allohga qasamki, sizlar izlayotgan kishilar shu yerda", dedi.
Abu Bakr Siddiq xafa bo‘lib yig‘lab: "Allohga qasamki, men o‘zim uchun yig‘layotganim yo‘q, lekin sizga bir narsa bo‘lishini xohlamayman, ey Rasululloh", dedi.
Shunda u kishi vazminlik bilan do‘stiga taskin berib: "G'amgin bo‘lma, albatta, Alloh biz bilan birga", dedilar.
Abu Bakr mushriklarning g‘orga yaqinlashib kelganini ko‘rib aytdiki "Ey Rasululloh, agar ulardan biri oyoqlari tagiga qarasa bizni ko‘radi".
Mustafo alayhissalom aytdilarki: "Ey Abu Bakr, ikki kishi turgan bo‘lsa, uning uchinchisi Alloh emasmi?" Nazr ibn Horis, g‘orga kiringlar, deb buyurdi. Umayya ibn Halaf g‘or og‘ziga qaradi. O'rgimchak va ikki yovvoyi kabutar in qurganiga ko‘zi tushdi. Qo‘lini ko‘tarib aytdiki: "Bu yerga o‘rgimchak Muhammad tug‘ilmasdan ilgari in qurgan".
Allohning dushmani Abu Jahl achchiqlanib shunday dedi: "Allohga qasamki, men uni shu yaqin atrofda deb bilaman. Lekin uning sehri bizni uni ko‘rishdan to‘sdi".
Shundan so‘ng mushriklar Makkaga noiloj holda qaytishdi.
Alloh taolo ushbu surani nozil qildi: "Agar sizlar unga yordam qilmasangiz Allohning o‘zi unga yordam qilur. Uni kofirlar ikki kishidan biri bo‘lgan holida (ya'ni bir hamrohi bilan Makkadan) haydab chiqarganlarida unga Alloh yordam berdi-ku, o‘shanda ikkovlon g‘orda bo‘lgan paytlarida hamrohiga: "g‘amgin bo‘lma, albatta, Alloh biz bilan birgadir" deyishi bilan. Alloh o‘z tomonidan uning ustiga - qalbiga bir xotirjamlik tushirdi va uni sizlar ko‘rmagan lashkarlar (yani, farishtalar) bilan qo‘llab-quvvatladi hamda kofir bo‘lgan kimsaning so‘zlarini tuban qilib qo‘ydi" (Tavba, 40).
Rasul alayhissalom Makkadan seshanba kuni chiqib Bani Amr ibn Avf hovlisiga rabi'ul avval oyining 12-kunida yetib keldilar.
* * *
Madinaga borganlaridan so‘ng u yerda birinchi bo‘lib Abu Ayyub Ansoriyning hovlisiga tushdilar. Darhol masjid va o‘zlariga hujra qurdirdilar. Abu Bakr va Umar ibn Xattob Payg‘ambarimizning vazirlari edi. Bu kishilardan Rasululloh alayhissalom har doim maslahat so‘rab turar edilar.
Rasul alayhissalomning: "Jabroil alayhissalom oldimga kelib aytdiki, Alloh sendan albatta Abu Bakr bilan maslahatlashishlikni buyurdi", deganlari hadisi shariflarda keltirilgan.
U kishi yana aytdilarki: "Albatta, menga Alloh taolo to‘rt vazirni tayinladi. Ikkitasi osmon ahlidan bo‘lib, ular Jabroil va Mikoildir, ikkitasi yer ahlidandir. Bular mening do‘stlarim Abu Bakr va Umardir".
Badr jangida mushriklar musulmonlar tomonidan mag‘lubiyatga uchradi va bir qanchalari asir olindi. Asirlar to‘g‘risida payg‘ambirimiz sahobalari bilan maslahatlashdilar. Keyin aytdilar: "Abu Bakrning misoli maloikalar ichida Mikoil alayhissalom kabidir. Mikoil farishta Allohning rizosi va avfini bandalarga olib tushadi. Nabiylar ichida Ibrohim (a.s.)ga o‘xshatish mumkin. U olovga tashlab yoqmoqchi bo‘lgan qavmiga asaldan ham muloyimroq bo‘lgan. Shunda ularga qarata bunday degan: "Sizlarga ham Allohni qo‘yib sig‘inayotgan butlaringizga ham suf-ey. Axir aql yurgizmaysizlarmi" (Anbiyo, 67).
"Parvardigoro, albatga, men zurriyotlarimni (bir bo‘lagini o‘g‘lim Ismoil va uning onasi Hojarni) sening hurmatli bayting huzurida ekin o‘smaydigan bir vodiyga joylashtirdim" (Ibrohim, 36).
Bir kuni Abu Bakr va Umar ibn Xattob gaplashib o‘tirgan edi. Ular gaplasha turib bahslashib qolishdi. Umar r.a Abu Bakr oldidan g‘azablanib chiqib ketdi. Abu Bakr uning orqasidan borib, kechirishini so‘radi. Umar (r.a) uning gaplarini eshitishni ham istamay, eshiklarini yopib oldi. Umar keyin bu ishidan ancha pushaymon bo‘ldi. So‘ng o‘zi Abu Bakrning uyiga bordi va eshik oldida turib, Abu Bakrni so‘radi. Ichkaridan u kishini yo‘kligini aytadi. Sal o‘jarroq Siddiq Rasululloh (s.a.v.) oldilariga yo‘l olgan edi. Hattoki yo‘lda shoshilganidan kiyimlari tizzasiga tushib ketardi.
Nabiy alayhissalom uni bu ahvolda ko‘rib Abu Bakr roziyallohu anhuga aytdilar:
-Do‘stingizga biror aziyat yetdimi? Abu Bakr (r.a.) Rasulullohning oldiga kelib salom berdi va aytdiki:
- Ey Rasululloh, Umar bilan tortishib qoldik, uning ko‘nglini og‘ritdim, so‘ng pushaymon bo‘lib undan kechirim so‘radim, lekin u menga qaramadi, oldingizga kel-dim".
Rasululloh (s.a.v.): "Seni Alloh kechirsin, ey Abu Bakr", deb uch marta takrorladilar. Bir ozdan so‘ng Hazrati Umar ko‘rindi. Uning yuzini g‘azab egallab olgan edi. Rasululloh alayhissalom Umarni ko‘rib shunchalik xafa bo‘ldilarki, hatto yuzlari tirishib ketdi. Bu holni ko‘rib Abu Bakr tiz cho‘kib yolvora boshladi: "Ey Rasululloh, Allohga qasamki, men aybdorman, zulm qildim".
Nabiy alayhissalom aytdilar: "Albatta Alloh taolo meni sizlarga elchi qilib yuborganda sizlar meni yolg‘onchi dedingiz, Abu Bakr esa meni tasdiqladi. Men uchun moli va jonini ayamadi. Endi sizlar men uchun do‘stimni kechirmaysizlarmi?! Sizlar men uchun do‘stimni kechirmaysizlarmi?"
Choshgoh vaqti Rasululloh (s.a.v.) Abu Bakr va Abu Hurayra (r.a.)lar bilan o‘tirganida oldilariga bir a'robiy kishi keldi. A'robiy Rasululloh alayhissalomga qaradi, so‘ng Abu Hurayraga (r.a.) yuzlandi, keyin Abu Bakrga tikilib qarab dedi: "Sen Abu Bakrmisan?"
"Ha" deb javob berilgach:
A'robiy kishi Abu Bakrni haqoratlab so‘kdi. Shunda Abu Bakr ajablanib, Rasululloh alayhissalom tomon qaradi. Abu Bakr Payg‘ambarimizni hayratlangani va tabassum qilganini ko‘rib hayron bo‘ldi. A'robiy Abu Bakrni so‘kishda davom etdi. Abu Bakr sabr qildi va unga churq etmadi. Kimki avf qilsa va yaxshilik qilsa, uning ajri Allohning zimmasidadir. A'robiy yana so‘kishda davom etayotganida jim o‘tirgan Abu Bakr Rasululloh alayhlssalomga qaradi. Nima uchun a'robiy do‘stini so‘kayotgan vaktida hech narsa demadilar? Abu Bakr Nabiy alayhissalomga eng sevimli emasmidi? Nima uchun haqorat qilayapsan, ey falonchi, deb a'robiydan so‘ramadilar.
Nihoyat, Abu Bakrning toqati toq bo‘lib, g‘azablandi va uning ba'zi so‘zlariga javob qaytardi. Do‘stidan bu narsani kutmagan Rasululloh (s.a.v.) o‘rnilaridan turib ketdilar va do‘stiga: "Shayton bilan o‘tirma", dedilar.
Hazrati Abu Bakr a'robiyning ba'zi gaplariga javob berganida Nabiy alayhissalom turib ketganlaridan hayron bo‘ldi. Nima uchun Rasululloh alayhissalomning yuzlarini g‘azab soyasi qopladi?
Abu Bakr nabiy (a.s.)ning ortidan yetib borib so‘radi "Ey Allohning payg‘ambari, u meni haqorat qilganda siz jim o‘tirgan edingiz, ba'zi so‘zlariga javob qilsam, g‘azablanib turib ketdingiz".
Rasul alayhissalom aytdilar: "Haligi kishi seni haqorat qilganida bir farishta seni himoya qilib turardi. Javob qilganingda esa farishta ketib, uning o‘rniga shayton hozir bo‘ldi. Men shayton bor joyda o‘tirmayman".
Nabiy alayhissalom so‘ngra dedilar: "Ey do‘stim, uch narsa borki, uning har biri haqdir. Bir bandaga zulm qilinsa, banda Alloh uchun uni e'tiborsiz qoldirsa, Alloh zulm ko‘rgan bandani aziz qiladi va unga yordam beradi. Bir kishi saxiylik eshigini ochib, u bilan ajr-savobni istasa, Alloh uni yanayam ziyoda qiladi. Bir kishi tilanchilik eshigini ochib, shu bilan molini ko‘paytirmoqchi bo‘lsa, Alloh azza va jalla uni xor qilib qo‘yadi".
* * *
Rasululloh alayhissalomning sahobalari to‘planib turganda Abu Bakrdan "Siz johillik paytingda aroq ichganmisiz?" deb so‘rashdi.
"Allohning o‘zi asrasin". Men aroq ichmaganman:
"Nima uchun, u paytda aroqning haromligini bilmas edingiz-ku?"
"Men or-nomusim va sharafimni saqlar edim. Kimki aroq ichsa, or va sharafini yerga uribdi". Bu gap Rasululloh alayhissalomga yetib borganida shunday deb marhamat qildilar: "Abu Bakr rost aytibdi, Abu Bakr rost aytibdi".
Rasululloh (s.a.v.) bir kuni sahobalaridan so‘radilar:
"Bugun qaysi biringiz ro‘za tutdingiz?"
Shunda Abu Bakr roziyallohu anhu: "Men", dedi.
Rahmat nabiyi (s.a.v.) yana so‘radilar: "Bugun kim janozaga bordi?".
Ashob sukut qildi, faqat Siddiq "Men",- dedi.
Xotamun Nabiy (s.a.v.) so‘rashda davom etdilar: "Bugun qaysi biringiz bir miskinni taomlantirdi?
Yana Abu Bakr Siddiq aytdi: "Men taomlantirdim".
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam yana so‘radilar: "Bugun qaysi biringiz kasalni borib ko‘rdi?"
Shu yerda hozir bo‘lgan hamma sahobalar sukut qildilar. Faqatgina Abu Bakr dedi: "Men, yo rasululloh".
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunda aytdilar: "Kimda shu fazilatlar jam bo‘lsa, jannatga kiradi".
* * *
Abu Bakr (r.a) Rasullulloh bilan birga Makka fathida ishtirok etdi. U Payg‘ambarimiz huzurlariga keksayib qolgan otasi Abu Qahofani olib keldi. Rasululloh (s.a.v.) Abu Qahofani ko‘rib aytdilarki: "Sen otangni qiynab qo‘yibsan. Bilganimda men o‘zim uyingizga borar edim".
Abu Bakr Siddiq aytdiki: "Ey Rasululloh, siz uyimizga borgandan ko‘ra otamning o‘zi oldingizga kelishga haqliroqdir".
Rasululloh (s.a.v.) ikki muborak qo‘llarini Abu Qahofaning ko‘ksiga qo‘yib: "Ey shayx, iymon keltir" dedilar.
Shunda Abu Qahofaning qalbi ochilib, Allohdan boshqa iloh yo‘q, albatta, Muhammad Allohning Rasulidir, deb guvohlik beraman, deya shahodat kalimasini keltirdi.
Abu Bakr Siddiq otasining musulmon bo‘lganidan behad quvonib aytdi: "Sizni haq bilan yuborgan zotga qasamki, Abu Tolib islomga kirganida hozirgidanda quvonar edim. Chunki Abu Tolib islomga kirsa, Nabiy (s.a.v.) xursand bo‘lardilar".
* * *
Abu Bakr Siddiq Hunayn g‘azoti va Toif safarida ham qatnashdi. Vaqtiki (s.a.v.) Makkai Mukarramadan Madinaga qaytganlaridan so‘ng Rum podshosi Madinaga yurish uchun tayyorgarlik ko‘rayotganini bildilar. Shunda Rasululloh (s.a.v.) sahobalariga Rumga qarshi yurish uchun tayyorgarlik ko‘rishni buyurib: "Ey insonlar, men Rumga yurishni xohlayman", dedilar. So‘ng boy kishilarni Alloh yo‘lida ehson qilishga undadilar. Umar ibn Xattob ichida o‘zicha:" Bugun men musoboqada Abu Bakrdan o‘tib ketaman", deb o‘ylab, ancha pul keltirdi. Nabiy (s.a.v.) Umardan: "Ahlingga nimani qoldirding?" deb so‘radilar. U kishi: "Shuning yarmini qoldirdim", dedi. Keyin Abu Bakr to‘rt ming dirham keltirdi. Payg‘ambar (s.a.v.) undan ham: "Sen ham ahlingga biror narsa qoldirdingmi?" deb so‘radilar.
Hazrati Abu Bakr bunga javoban: Allohni va uning Rasulini qoldirdim", deb javob berdi. Umar bu gapni eshitib Abu Bakrga tan berib dedi: "Hech narsada sizdan o‘tib ketolmas ekanman, bu gal ham mendan g‘olib chiqdingiz".
* * *
Kunlardan birida Abu Bakrning qorni juda ochdi. Uyidan yeyishga biror narsa topolmadi. Qorin ochligiga sabr qilib bo‘lmasdi. Uning quli ozgina taom keltirdi. Abu Bakr shu taomdan bir luqma olib yedi. Quli aytdi: "Ilgari bir yegulik olib kelsam, qaerdan olding deb so‘rar edingiz. Ammo bu safar surishtirmadingiz".
Abu Bakr Siddiq: "Ochlikning zo‘ridan taom to‘g‘risida so‘rashni unutibman", dedi. So‘ng taomdan qo‘lini tortdi va so‘radi: "Ayt-chi, sen bu taomni qaerdan keltirding?"
U aytdi: "Bir kuni johiliyat vaqtida bir qavm oldidan o‘tib qoldim. U paytlar sehr-jodu qilib yurardim. Shu qavmga ham sehr-jodu qilib bergan edim. Bugun o‘sha joydan o‘tib ketayotsam, to‘y bo‘layotgan ekan. Menga o‘sha sehrning haqiga mana shu taomni berishdi".
Abu Bakr Siddiq aytdi: "Meni halok qilmoqchi bo‘ldingmi?"
Keyin qo‘lini halqumiga tiqib. qayt qila boshladi. Lekin yutgan luqma osonlikcha chiqmadi. "Ichingga yutgan luqma suv ichsang chiqishi mumkin", deyishdi. Abu Bakr Siddiq idishda suv olib kelishni buyurdi. Suv keltirildi. U o‘zini majburlab suvni icha boshladi, so‘ng qayt qilganda luqma suv bilan birga qorindan chiqib ketdi. Ko‘rishsaki, u luqma qarg‘aning boshidek ekan. Shunda oldidagilar bu ishiga hayron bo‘lib aytdilarki: "Alloh senga rahm qilsin, shu luqmani deb joningni shuncha qiynadingmi!"
Abu Bakr Siddiq dedi: "Agar mana shu narsa chiqmasa, uni jonim bilan chiqargan bo‘lardim. Batahqiq Rasululloh (s.a.v.)dan eshitgan edimki: "Haromdan o‘sgan har bir jasad do‘zaxga haqlidir."
Abu Bakr Siddiq ko‘z yoshlarini artib shunday dedi: "Bu luqmani yeb tanamga harom kirishidan qo‘rqdim".
* * *
Nabiy alayhissalom musulmonlarga shu yili haj qilmoqchi ekanliklarini va unga qodir bo‘lgan musulmonlar yo‘l hozirligini ko‘rishni buyurdilar. Lekin haj mavsumi yaqinlashgan vaqtda betob bo‘lib qoldilar va Abu Bakrni haj qilishda musulmonlarga boshqaruvchi qilib yubordilar.
Abu Bakr hijratning o‘ninchi yili Hajjatul Vado' kuni Nabiy alayhissalom bilan birga bo‘lgandi. Nabiy (s.a.v.) hajdan qaytib kasal bo‘lib qoldilar. Nabiy (s.a.v.) bir tush ko‘rdilar. Bu tushini Abu Bakrga aytib berdilar. Chunki Abu Bakr Siddiq tushni ta'vil va tafsir qilishda ancha mohir bo‘lgan. Ko‘pincha Nabiy (s.a.v.) undan tushini ta'vil qilib berishini so‘rardilar.
Abu Bakr Siddiq aytdiki: "Bu tushingiz yaxshilikkadir, yo Rasululloh, Alloh sizni boqiy qilsin bu tushingiz yengillik bilan qaror topganini ko‘rarsiz".
Rasululloh (s.a.v.) aytdilar: "Ey Abu Bakr, tushimda sen bilan darajada musobaqalashayotgan ekanman. Men sendan ikki yarim daraja oshib ketibman".
Abu Bakr Siddiq aytdi: "Ey Rasululloh, Alloh taolo sizni rahmat va mag‘firatiga olsin. Men sizdan keyin tag‘in ikki yarim yil yashaydigan ko‘rinaman", deb ta'vil qildi.
* * *
Rasulullohning kasallari kun sayin kuchayib bordi. U kishi jamoat bilan namoz o‘qishga qodir bo‘lmadilar. Aytdilarki: "Abu Bakrga aytinglar, odamlarga namoz o‘qib bersin". Namoz vaqti kirgan bo‘lsa-da, Abu Bakr ko‘rinmasdi. Sahobalardan Abdulloh ibn Zam'a ibn Asvad: "Ey Umar, tur", dedi. Umarul Foruq o‘rnidan turib, imomlikka o‘tib, namozga takbir aytdi. Buni Nabiy alayhissalom eshitdilar. Chunki hazrati Umar baland ovozli kishi edi. Nabiy alayhissalom: "Abu Bakr qaerda? Bundan Alloh va musulmonlar rozi bo‘lmaydi. Bundan Alloh va musulmonlar rozi bo‘lmaydi", dedilar. Rasulullohning bu so‘zlaridan so‘ng sahobalar Abu Bakrga odam yuborishdi. Abu Bakr yetib kelganda hazrati Umar namozni o‘qib bo‘lgan edi. Umar ibn Xattob Abdulloh ibn Zam'adan norozi bo‘lib shunday dedi: "Ey ibn Zam'a, senga voy bo‘lsin, nima qilib qo‘yding. Allohga qasamki, sen menga namoz o‘qib ber, deganingda buni senga Rasululloh (s.a.v.) buyurgan deb o‘ylabman. Agar bilganimda imomlikka o‘tmasdim".
Abdulloh ibn Zam'a aytdiki: "Allohga qasamki, Rasululloh bu ishga buyurmadilar. Lekin men Abu Bakr yo‘qligi uchun sizni shu yerdagilardan haqliroq deb bildim".
Ikkinchi kuni Rasululloh (s.a.v.) masjidga chiqdilar. Abu Bakr Siddiq imomlikka o‘tib namoz o‘qiyotgan edilar. Musulmonlar Rasululloh (s.a.v.)ni ko‘rib xursand bo‘ldilar. Ular o‘rnidan qo‘zg‘almoqchi bo‘lganlarida, Rasululloh (s.a.v.) namozlarini davom ettirishga ishora qildilar. Rasululloh (s.a.v.) musulmonlarning namozdagi bu holatini ko‘rib tabassum qildilar, chunki ularga Abu Bakr Siddiq imomlik qilardi.
Rasululloh (s.a.v.) masjiddan Oisha onamizning hujrasiga qaytdilar. Shu kuni u kishi oxirat safariga yo‘l oldilar. Bu paytda payg‘ambarimiz 63 yoshda edilar. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Rasulullohning (s.a.v.oldilariga kirdi. Uning qalbiga Uhud tog‘idek g‘am-qaytu cho‘kkan edi.
Rasululloh (s.a.v.) Oisha onamiz hujrasida yuzlari yopiq yotardilar. Abu Bakr Siddiq u kishining muborak yuzlarini ochib o‘pdilar va Rasululloh (s.a.v.)ga yuzlanib shunday dedi: "Ota-onam sizga fido bo‘lsin, Alloh sizga taqdir qilgan o‘lim sharbatini totdingiz. Endi sizga bundan keyin hech qachon o‘lim yetmaydi".
Abu Bakr Siddiq u zotning yuzlariga yopinchiqni qayta tortdilar. Keyin Hazrati Ali, Fazl ibn Abbos va shu yerda hozir bo‘lgan kishilar Rasuli Akramni kafanlashga kirishdi. Shunda musulmonlar Rasulullohni qaerga dafn qilish xususida tortisha boshladi: "Qaerga dafn qilamiz? Odamlar bilan bir joygami? Yoki o‘z uylarigami?" Abu Bakr Siddiq aytdiki: "Rasululloh (s.a.v.)dan "Allohning nabiyi qaerda vafot etsa, o‘sha joyga dafn qilinadi", deganlarini eshitgandim". So‘ng Nabiy (s.a.v.) Oisha onamiz hujrasiga dafn etildi. U kishi yotgan to‘gnak oli- nib shu joyda qabr qazildi va shu yerga dafn qilindilar.
* * *
Musulmonlar Abu Bakr Siddiqning xalifa bo‘lishiga bay'at berishdi. Abu Qahofaga aytishdiki: "Sening o‘g‘ling xalifalikka saylandi". U: "Aytiig: "Ey mulk-davlat egasi bo‘lgan Allohim, Sen istagan insoninga mulk ato qilursan va istagan kishingdan bu mulkni tortib olursan" (Oli Im-ron, 26), dedi.
Keyin: "Nima uchun uni boshliq qildilaring?", deb so‘radi.
Musulmonlar aytishdi: "Yoshi ulug‘ligi uchun".
Abu Qahofa aytdi: "Meni yoshim undan katta-ku!"
* * *
Rasululloh (s.a.v.) vafot etganlaridan keyin Abu Bakr Siddiqga bay'at berilgach, fitna va nifoq ko‘rina boshladi. Yahudiy va nasroniy ahllari g‘imillab qolishdi. Ba'zi arab qabilalari islomdan yuz o‘girishdi. Musaylama ibn Habib Kazzob va Talha ibn Homid As'adiy kabilar payg‘ambarlikni da'vo qilib chiqishdi.
Hazrati Abu Bakr bu nifoqni bostirish uchun qo‘shin to‘pladi va oddiy safda turganlarga islom bayrog‘ini berdi. U oqilona sa'y-harakatlari tufayli murtadlar quvvati kesildi, payg‘ambarlikni da'vo qilgan ba'zi kazzoblar qatl qilindi. Shu tariqa fitna olovi o‘chirildi. Ana shu ishlarda Abu Bakr Siddiqning qat'iyati va jasorati alohida o‘rin tutadi.
Birinchi xalifa Rumga yurishdan oldin Umar, Ali, Usmon, Abdurahmon ibn Avf, Sad ibn Abu Vaqqos, Said ibn Zayd, Abu Ubayda ibn Jarroh, Badr jangida qatnashgan muhojir va ansorlardan iborat ko‘zga ko‘ringan sahobalar bilan maslahat qildi. So‘ng Abu Bakr Siddiq shunday dedi: "Ey odamlar, albatta Alloh sizlarga islomni ne'mat qilib, berdi. Rumga yurish uchun tayyorgarlik ko‘ringlar. Albatta, men sizlarga boshliqlarni tayin qilaman. Robbingizga itoat eting. Boshliqlaringizga qarshi chiqmang. Albatta, Alloh taqvo qiluvchilar va chiroyli amal qiluvchilar bilan birga".
Shomga yuborilgan qo‘shinni, Bani Asfar va fors harbiyda murtadlar bilan sherikchilik va musohama (oldi-berdi) qilishlikdan qaytarildi.
Hazrati Umar bir kuni Abu Bakr Siddiqning oldiga bordi. U kishi og‘zini bog‘lab olganini ko‘rdi. Shunda Abu Bakr Siddiq: "Jim tur", degandek ishora qildilar. Birozdan so‘ng Abu Bakr Siddiq: "Albatta mana shu narsa(ya'ni til) meni halok qiladi", dedi. Aslida jannat bashorat qilingan va eng birinchi iymon keltirgan sahobalardan bo‘lishiga qaramasdan, bir qadami jannatda bo‘lsa ham, Alloh taoloning sinovi va shayton makridan o‘zini emin hisoblamasdi.
* * *
Abu Bakr Siddiq ulug‘ inson bo‘lib, ko‘pgina xislatlari bilan boshqa sahobalardan ajralib turardi. Bu xislatlari bilan ulardan ko‘ra baland cho‘qqiga ko‘tarila oldi. Buni quyidagilarda ham ko‘rish mumkin:
Iymon. Agar bu ummatning iymonini Abu Bakrning iymoni bilan o‘lchansa, Abu Bakr Siddiqning pallasi og‘irroq kelishini Rasululloh (s.a:v.) aytganlar.
Fidoiylik. U butun moli va jonini din yo‘lida tiqdi.
Qat'iyat va oqillik. Ayniqsa, zakot berishdan bosh tortgan va murtadlarga qarshi muhoraba qilishga qatiy turgan vaqtda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlandi.
Tavoze' va iffat. Xalifa bo‘lishdan oldin musulmonlarga rahmdil va mehribon bo‘lganidek xalifalik davrida ham tavoze' va rahm-shafqatli bo‘lib qoldi.
Qur'onni jamlash. Yamoma kuni Qur'onni yod olgan qorilardan ko‘plari shahid bo‘ldi. Hazrati Umar Allohning kitobi yo‘q bo‘lib ketishidan qo‘rqardi. Xalifa oldiga kirib Qur'onni jam qilishni taklif qildi. Abu Bakr bu fikrni ma'qulladi. Mushafning jamlanishi tarixda Abu Bakr Siddiqning eng ulug‘ ishlaridan biri bo‘lib qoldi. Alloh u zotdan rozi bo‘lsin.
* * *
Abu Baqr Siddiq Horis ibn Kalda bilan hadya qilingan bug‘da pishirilgan go‘shtdan yedi. Horis ibn Kalda aytdiki: "Bundan yemang, ey Rasululloh (s.a.v.)ning xalifasi, albatta u go‘shtga zahar qo‘shilgan. Ajalimiz bir kunda yetmasin".
Abu Bakr Siddiq qo‘lini taomdan tortdi. Ammo ikkalalari ham kasal bo‘lib qolishdi. Abu Bakr Siddiq o‘zida bir og‘riq qo‘zg‘alganini sezdi. Shunda uy ahillari: "Sizga tabib chaqiraylikmi", deb so‘rashdi. Abu Bakr Siddiq aytdi: "U meni ko‘rdi".
Asmo akasi Abdurahmonga tabib qachon keldi, unga kim xabar berdi, degandek qaradi. Abu Bakr Siddiq dediki: "Albatta, men xoxlaganimni qiluvchiman".
U rabboniy kishi edi. Bas, kasallik kuchaya boshlagach, u shunday dedi: "Mana, o‘lim haqqi rost yetib keldi (Ey inson), bu (o‘lim) sen qochuvchi bo‘lgan narsadir" (Qof surasi,19-oyat).
Abu Bakr Siddiq o‘limi yaqinlashganini sezgach, o‘zidan so‘ng bir kishini xalifalikka tayinlashni xohladi. U o‘lim bilan olishib turgan bir holda ham musulmonlarning fitna va iztirobdan uzoq bo‘lish tashvishini chekardi. U hazrati Umarning xalifa bo‘lishini xoxlardi. U vafotidan keyin Umar ibn Xattobni xalifa bo‘lishini kotiblariga yozdirib qoldirdi.
Vafot etishi yaqinlashganini sezib, oldida turganlarga: "Agar men vafot etsam, meni Nabiy alayhissalom dafn qilingan uyga olib boringlar. Eshiklari oldida turib: "Assalomu alaykum, yo Rasululloh, mana bu kishi Abu Bakr Siddiq sizdan izn so‘rayapti", deb aytinglar. Agar izn berilsa, meni oldilariga olib kiringlar va meni u joyga dafn qilinglar. Agar eshik ochilmasa, meni Baqi' qabristoniga olib borib dafn qilinglar".
U kishi oxirgi nafasda: "Meni musulmon holimda vafot ettirgin, solih bandalaring qatoriga qo‘shgin", dedi.
Abu Bakr Siddiq vafot etganidan keyin aytganidek, u kishini Payg‘ambarimiz orom olayotgan uy oldiga olib bordilar.
Sahobalardan biri: "Assalomu alaykum, yo Rasululloh, sizdan Abu Bakr Siddiq izn so‘rayapti", dedi.
Eshik ochildi. Ichkaridan xotif ovoz berdi: "Habibni olib kiringlar, do‘st do‘stga mushtoqdir".
Abu Bakr Siddiq qizi Oisha roziyallohu anhoning hujrasiga dafn qilindi. U kishining boshlari Rasulullohning sallallohu alayhi vasallam ko‘ksilariga yaqin joyga qo‘yildi.
U kishi 2 yilu, 3 oyu 10 kun xalifalik qildi va hijratning 13-yili jumadul oxir oyining 8-kuni vafot etdi.
Abu Bakr Siddiq 63 yil umr ko‘rdi. Rasululloh (s.a.v.)ning ko‘rgan tushlari haq bo‘lib chiqdi va Abu Bakr Siddiqning qilgan ta'vili ham o‘z isbotini topdi. Chunki Abu Bakr Siddiq Rasul alayhissalom vafotlaridan ikki yarim yil o‘tgandan keyin boqiy dunyoga rixlat qildi. Alloh u kishidan rozi bo‘lsin.
Abdulaziz Shanaviyning "Rasulullohning izdoshlari" kitobidan (Toshkent, «Movarounnahr», 2008) olindi.
Tarjimon: Ilhom Elmurodov
http://islom.ziyouz.com/index.php?option=com_frontpage&Itemid=1
|