Bu sura Madinada nozil qilingan bo‘lib, ikki yuz sakson olti oyatdan iborat. U Qur’ondagi eng uzun suradir. Bu surada e’tiqod, ibodat, muomala, axloq, nikoh, taloq, idda va boshqa shariat hukmlari borasida so‘z ketadi. Bu suraning avvalida mo‘minlar, kofirlar, munofiqlar va iymonning haqiqati, kufr va nifoqning mohiyati bayon qilinadi. So‘ngra bashariyat otasi Odam alayhissalom qissasi zikr qilinib, u zot yaratilgan vaqtda bo‘lib o‘tgan ibratli voqea-hodisalardan xabar beriladi.
«Baqara» oyatlarining qariyb uchdan bir qismini «ahli kitoblar» (Tavrot va Injilga iymon keltirganlar), xususan yahudiylar haqidagi ma’lumotlar tashkil qiladi. Keyin sudxo‘rlik jinoyati to‘g‘risida ma’lumot berilib, Alloh va payg‘ambar bu jinoyatga qarshi urush e’lon qilganliklari uqtiriladi.
Suraning xotimasida esa mo‘minlarni Alloh taologa tavba-tazarru qilishga va uning O’zidangina madad tilashga chaqiriladi.
Bu sura nima uchun «Baqara» – «Sigir» surasi deb atalgan? Qadimda Bani Isroil qavmidan bo‘lgan bir kishi o‘ldiriladi. Ammo uning qotilini topa olmaydilar. Shunda Alloh taolo Muso alayhissalomga: «Qavmingga aytgin, bir sigir so‘yib, uning bir bo‘lagi bilan o‘likni ursinlar», deb buyuradi. Allohning buyrug‘ini bajo qilganlarida, haligi o‘likka jon kirib, qotili kimligini aytadi.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
1. Alif, lom, mim.
I z o h. Qur’ondagi bir necha sura mana shunday yolg‘iz-yolg‘iz harflar bilan boshlanadi. Ko‘pchilik Islom ulamolari nazdida mazkur harflar «Xurufi muqattaot», ya’ni ma’nodan uzilgan harflar sanalib, ularning ma’nosi yagona Allohgagina ma’lum. Ulamolarning aytishlaricha, ilohiy mo‘‘jiza bo‘lgan bu Kitob odamlar oson o‘qib-anglab amal qilishlari uchun ular yaxshi taniydigan harflar bilan oson tushuniladigan qilib yuborilgan. Lekin olimlar orasida «Alif — Alloh, Lom — Jabroil (Alloh bilan payg‘ambar o‘rtasidagi vositachi farishta), Mim – Muhammad alayhissalom», deb bu harflarga ma’no beruvchilar ham bor.
2-3. (Haq ekanligiga) hech qanday shak-shubha bo‘lmagan ushbu Kitob g‘oyibga ishonadigan, namozni to‘kis ado etadigan va biz rizq qilib bergan narsalardan infoq-ehson qiladigan taqvoli kishilar uchun rahbar – yo‘lboshchidir.
4. Ular sizga nozil qilingan va sizdan ilgari tushirilgan narsalarga (dinlarga) iymon keltiradilar va oxirat kuniga aniq ishonadilar.
5. Parvardigorlari tarafidan hidoyat topganlar ana o‘shalardir va najot topguvchilar ham ularning o‘zidir.
I z o h. Bu oyatlarda Alloh taolo mo‘minlarniig sifatlarini bayon qildi. Endi o‘rtadagi farq aniq bo‘lishi uchun kofirlarni sifatlashga o‘tiladi.
|