Xolid ibn Valid r.a.dan rivoyat qilinadi: "Bir a'robiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: "Ey Allohning Rasuli, men sizdan dunyou oxiratga yetarli narsa haqida so'rash uchun keldim", dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Hayolingga kelganini so'rayver", dedilar.
U: "Eng ilmli inson bo'lishni istayman?" dedi.
U zot: "Allohga taqvo qil, odamlarning eng ilmlisi bo'lasan", dedilar.
- "Odamlarning eng boyi bo'lishni istayman?" dedi.
- "Qanoatli bo'l, odamlarning eng boyi bo'lasan", dedilarl.
- "Odamlarning eng adolatlisi bo'lishni xohlayman?".
- "Odamlarga o'zingga ravo ko'rgan narsani ravo ko'r, ularning eng adolatlisi bo'lasan".
- "Odamlarning eng yaxshisi bo'lishni xohlayman?"
- "Odamlarga eng ko'p manfaat yetkazadigani bo'l, ularning eng yaxshisi bo'lasan".
- "Odamlarning ichida Allohning eng xos bandasi bo'lishni xohlayman?"
- "Allohning zikrini ko'paytir, Allohning eng xos bandasi bo'lasan".
- "Iymonim komil bo'lishini xo'hlayman?"
- "Xulqingni go'zal qil, iymoning komil bo'ladi".
- "Muhsin - haqiqiy yaxshilik qiluvchilardan bo'lishni istayman?"
- "Allohga U Zotni ko'rib turgandek, agar U Zotni ko'rib turgandek bo'lolmasang, U Zot seni ko'rib turganini his etib ibodat qil, muhsinlardan bo'lasan".
- "Itoatlilardan bo'lishni xohlayman?"
- "Allohning farzlarini ado et, Itoatlilardan bo'lasan".
- "Allohga gunohlardan toza holda yo'liqishni istayman?"
- "Janobatdan g'usl qilib, poklanib yur, Allohga gunohlardan tozalangan holda yo'liqasan".
- "Qiyomat kuni nur ichra tirilishni xohlayman?"
- "Hech kimga zulm qilma, Qiyomat kuni nur ichra tirilasan".
- "Qiyomat kuni Robbim menga rahm qilishini xohlayman?"
- "O'zinga va U Zotning bandalariga rahm qil, Qiyomat kuni Robbing senga rahm qiladi".
- "Gunohim kamayishini xohlayman?"
- "Istig'forni ko'paytir, gunohing kamayib boraveradi".
- "Odamlarning eng mukarrami bo'lishni xohlayman?"
- "O'z holingdan birovga shikoyat qilma, odamlarning eng mukarrami bo'lasan".
- "Odamlarning eng kuchligi bo'lishni istayman?"
- "Allohga tavakkul qil, odamlarning eng kuchligi bo'lasan".
- "Alloh menga rizqimni keng qilishini xohlayman?"
- "Doim tahoratli bo'l, Alloh senga rizqingni keng qiladi".
- "Alloh va Rasulining seviklisi bo'lishni xohlayman?"
- "Alloh va Rasuli sevgan narsalarni sev, Alloh va Rasulining seviklisi bo'lasan".
- "Qiyomat kuni Allohning g'azabidan emin bo'lishni istayman?"
- "Allohning hech bir maxluqiga g'azab qilma, Allohning g'azabidan emin bo'lasan".
- "Duoyim ijobat bo'lishini istayman?"
- "Harom yeyishdan uzoq bo'l, duoying ijobat bo'ladi".
- "Robbim Qiyomat kuni meni satr qilishini - ayblarimni yashirishini istayman?"
- "Birodarlaringning ayblarini yashir, Alloh Qiyomat kuni sening ayblaringni yashiradi".
- "Gunohlardan nima najot beradi?"
- "Ko'zyoshlaru, tazarru'laru kasalliklar".
- "Allohning nazdida eng buyuk yaxshilik qaysi?"
- "Go'zal xulq, tavoze va balolarga sabr qilish".
- "Allohning nazdida eng ulkan yomonlik qaysi?"
- "Yomon xulq, xasislik va itoatparastlik".
- "Dunyou oxiratda Robb taoloning g'azabini so'ndiradigan narsa nima?"
- "Maxfiy sadaqa va silai rahm".
- "Qiyomat kuni do'zaxning o'tini o'chiradigan narsa nima?"
- "Dunyoda balou musibatlarga sabr qilish".
Imom Mustag'firiy aytadi: "Men ko'p ma'nolarni o'zida jamlab, mujassam qilgan ushbu hadisdan ko'ra dinning go'zalliklarini o'z ichiga olgan, buyukroq va manfaatliroq hadis ko'rmadim".
Imom Ahmad rivoyati.
Аҳнаф ибн Қайсга: «Сиз ёши улуғ мўйсафид одамсиз, рўза тутиш сизни толиқтириб қўяди» дейилганда: «Мен буни узоқ сафар учун йўл озуқаси қилиб олаяпман, Аллоҳ субҳанаҳу ва таолонинг тоатида сабр қилиш У зотнинг азобига сабр қилишдан енгил» деб жавоб берди.
Абу Сулаймон ад-Дороний деди:
Қалбга охират ўрнашган бўлса, дунё унинг ёнига тиқилишга уринади. Агар қалбга дунё ўрнаган бўлса, охират унинг ёнига жойлашишга уринмайди. Зеро, охират улуғвор, дунё эса пасткашдир.
|