Nafsni jilovingga olmoq bo’lsang gar, Qorning to’ymasidan taomga to’ygil. Gullarni hidlashdan to’xta birodar, Qabr kavlashni ham o’rganib qo’ygil!
Ajal o’qi aniq, bir kun yetgusi, Shoshmasdan, xotirjam halok etgusi, Otang bor, onang bor – ertan ketgusi… Qabr kavlashni ham o’rganib qo’ygil!
Bitgan gulzorlaring so’lar ertaga, Umr kosasi ham to’lar ertaga, Baland minoralar qular ertaga, Qabr kavlashni ham o’rganib qo’ygil!
Birov horma demas, tolsang yugurib, Yordam ham berolmas ahvoling ko’rib, Mard bo’l-da, o’rningdan bir sapchib turib, Qabr kavlashni ham o’rganib qo’ygil!
Mayli, ko’chat ekkin ertani ko’zlab, Mayli hosilin ham totgil yolg’izlab, Lek qolmayin desang qabrda bo’zlab, Qabr kavlashni ham o’rganib qo’ygil!
Ko’rding, dosh berolmas, ming-minglab tuzum. Bir shamol uchirdi barisin yuzin. Elga suv chiqargan mahaling bir zum. Qabr kavlashni ham o’rganib qo’ygil!
Duolar tilagan qo’llaring ila, Elaklar elagan qo’llaring ila, Ayoling silagan qo’llaring ila Qabr kavlashni ham o’rganib qo’ygil!
Otan yer chopganda, qarashib yubor Uning yuragidan yo’qolsin g’ubor. Shunda ham birodar aytaman takror Qabr kavlashni ham o’rganib qo’ygil! ***
O'lim haqida nogahon gapirsa tillar, Qo'rquvdan titraydi bu gumroh dillar. So'ramasdan o'tmoqda qanchalab yillar, O'lim xayol emas,erur haqiqat.
Ajal kelsa demaydi u yosh,bu qari, O'limni totguvchi tirik jon bari. O'limga yaqinmiz ulg'aygan sari, O'lim xayol emas,erur haqiqat.
Soatlab seriallarni ko'z uzmay ko'rib, Ibodatlar qildikmi Allohdan qo'rqib.? Bilaman ushbu gapim tushmaydi yoqib, O'lim xayol emas,erur haqiqat.
Peshonaga bitilganin bilolmas hech kim, Yashaymiz taqdirga bo'yin egib jim. Tillar ham bu borada deyolmas lom-mim, O'lim xayol emas,erur haqiqat.
Ajal kelib qolsa qamchisin öynab, Aytolmaslar ba'zilar Tavhidni qiynab. Bosaylik bizlar endi qadamni o'ylab, O'lim xayol emas,erur haqiqat.
Tog'larchalik mol to'plab,qoldiramiz-ku, Dunyo deb oxiratni kuydiramiz-ku. Keladi kun ushbu gapni suydiramiz-ku, O'lim xayol emas,erur haqiqat!
|