Azon aytsa - Muazzinlar uxlamasdan,
Bizni o'ylab, o'zlarini o'ylamasdan,
Men bo'lsachi, yotaverdim uyalmasdan,
Bugun yana bomdodga men turolmadim.
Mahallada osh bor, desa sahar turdim,
Nafsim uchun har tarafga qarab yurdim,
Birodarlar, nafsimni hech tiyolmadim,
Bugun yana bomdodga men turolmadim.
Ishladim, deb charchaganim ro'kach qilib,
Aslidachi, iymonimni karch-karch qilib,
Bu dunyoga o'zim hech ham to'yolmadim,
Bugun yana bomdodga men turolmadim.
Birodarlar, oxiratdan xabar topib,
U dunyoga tayyorgarlik qildingizmi,
Meni qarang - hammasini bilib turib,
Bugun yana bomdodga men turolmadim.
Do'st bo'lsangiz, haqqimga siz duo qiling,
Jannatlarni siz menga ham ravo ko'ring,
Ko'rinmading masjidda, deb so'rab qo'ying,
Bugun yana bomdodga men turolmadim.
To'rt vaqtlik namozni men barpo qilib,
Ertalabki barakotni rasvo qilib,
Namozni uyqumdan ustun qo'yolmadim,
Bugun yana bomdodga men turolmadim.
Nasihatlar qiling menga - ko'zing och deb,
Gunohdan qoch, jannat eshiklarin och deb,
Alloh uchun bergin endi, boring soch deb,
Bugun yana bomdodga men turolmadim.
|